O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, bu yil 103 ta davlat tashkilotining 2024 yildagi faoliyati 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholashdan o`tkazildi (https://aca.uz/uz/article/korrupciiaga-qarsi-kurasis-millii-kengasining-kengaitirilgan-iigilisidagi-prezident-topsiriqlari-izrosi-amda-2024-iildagi-korrupciiaga-qarsi-kurasis-islari-samaradorligini-reiting-baolas-natizalari). Shundan 14 ta davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 89 tasi esa takroran baholandi.
Natijalarga ko`ra, 41 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 53 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 9 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifaga ajratildi.
Tahlillar ko`rsatishicha, bu yil reyting natijalari o`rtacha 73,8 ballni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 4,9 ballga (95 ta davlat tashkilotlari tomonidan o`rtacha 68,9 ballni tashkil etgan), 2022 yilga nisbatan esa 14,3 ballga (62 ta davlat tashkilotlari tomonidan 59,5 ball) yaxshilangan.
Shuningdek, ijobiy natija qayd etgan davlat tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olishda samarali mexanizmlarning joriy etilishi natijasida o`tgan davr mobaynida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni kamayishiga erishilgan.
Ichki ishlar vazirligining ma`lumotlariga ko`ra, o`tgan yilga nisbatan Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida korrupsiyaviy jinoyatlar soni 71,4 %ga, Suv xo`jaligi vazirligi tizimida 47,8 %ga, hokimliklarda 43,2 %ga, tijorat banklarida 31,9 %ga, Adliya vazirligi tizimida 21,9 %ga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida 8,3 %ga kamaygan.
2023 yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” deb topilgan 13 ta davlat tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Agentlik bilan hamkorlikda amalga oshirilgan manzilli chora-tadbirlar natijasida ularning faoliyatida ham ijobiy o`sish kuzatildi.
Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi – 85 ball (2023 yilda – 10 ball), “O`zbekinvest” eksport-import sug`urta kompaniyasi AJ – 83 ball (28 ball), Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi – 82 ball (50 ball), Madaniy meros agentligi – 82 ball (22 ball), Suv xo`jaligi ob`ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi – 78 ball (5 ball), Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi – 72 ball (18 ball) bilan ijobiy natija qayd etgan.
Shuningdek, “O`zbekko`mir” AJ (48 ball) o`tgan yili ijobiy natija (2023 yilda – 60 ball) qayd etgan bo`lsa, joriy yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” toifadan joy oldi. Bundan tashqari, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyati 9 ball bilan (2023 yilda – 16 ball) ketma-ket ikki yil davomida “qoniqarsiz” deb baholandi.
Reyting baholash tizimida eng yuqori natija “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (96 ball), Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi (95 ball), Markaziy bank (94 ball), Soliq qo`mitasi, (92 ball), “O`zbekneftgaz” va “Uzbekistan Airports” AJlari (92 ball), Raqamli texnologiyalar va Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari (91 ball) tomonidan qayd etildi.