«O`zatom» agentligi 2024 yil dekabr oyida Samarqandda bo`lib o`tgan Atom energetikasini rivojlantirish va undan foydalanish bo`yicha xalqaro konferensiyaga 5,9 milliard so`mdan ortiq mablag` sarflagan. Bu haqda davlat xaridlari portalidagi ma`lumotlarda keltirilgan.
Shu tariqa, O`zbekiston Prezidenti Administrasiyasiga 100 foiz tegishli bo`lgan «Interforum» DUK «Islom hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlarning barqaror rivojlanishida atom energetikasidan tinch maqsadlarda foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba» mavzusidagi konferensiyani tashkil etish va o`tkazish bo`yicha kompleks xizmatlarni taqdim etgan. Konferensiya 5-dekabr kuni o`tkazilgan bo`lib, uni tashkil etish davlat byudjetiga 4 milliard so`mdan ortiqqa tushgan.
Bundan tashqari, 1,9 milliard so`m «Samarkand Touristic Centre» MChJga sarflangan. 2024 yilning 4–6 dekabr kunlari rasmiylar Samarqanddagi mehmonxonalarda 1 tunda 4 kechagacha to`xtashgan.
«O`zatom» rahbari Azim Ahmedxo`jaev 4,9 million so`mlik xonani ijaraga olgan.
MAGATE rahbari Rafael Mariano Grossi tunagan prezident lyuks xonasi narxi bir kecha uchun 25 million so`mdan ortiqni tashkil etgan.
Mehmonxonalar bo`yicha taqsimot:
Hilton Garden Inn Sogd — 19 kishi — 500 ming so`mdan 1 million so`mgacha (1 kishiga bir kecha uchun);
Savitsky Plaza — 23 kishi — 1 million so`mdan 1,2 million so`mgacha (1 kishiga bir kecha uchun);
Hilton Samarkand Regency — 12 kishi — 2 million so`mdan 7,5 million so`mgacha (1 kishiga bir kecha uchun);
Silkroad by Minyoun — 9 kishi — 1,7 million so`mdan 6,1 million so`mgacha (1 kishiga bir kecha uchun).
Majlis xonalarini ijaraga olish uchun 578 million so`mdan ortiq mablag` to`langan, 4–5 dekabr kunlari ovqatlanishni tashkil etish 973 million so`mdan ortiq, texnik jihozlar va qo`shimcha xizmatlar uchun esa 98 million so`mdan ortiq mablag` sarflangan.
Boshqa yirik shartnomalar:
«O`zatom» agentligi 27 ta avia chipta uchun 301 million so`mdan ortiq mablag` sarflagan.
Shuningdek, 194 million so`m 4 ta videorolik tayyorlash uchun ajratilgan. Mazkur shartnoma «Safaev Anvar Nadirovich» yakka tartibdagi tadbirkor bilan tuzilgan.
2024 yil aprel oyida «O`zatom» «Atom energetikasining asoslari» yo`nalishida har biri 74 soatlik bo`lgan uchta o`quv guruhi uchun kurslar tashkil etishga 126 million so`m sarflagan.
Kurslar Moskva davlat texnika universiteti o`qituvchilarini jalb qilgan holda o`tkazilgan. Radiatsiyaviy xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish mavzusida tinglovchilarga, masalan, Belarus tajribasi taqdim etilgan.
Tinglovchilar orasida «O`zatom»ning bosh mutaxassisi, o`qituvchilar, muhandislar va boshqalar bo`lgan.
2025 yil 26 mart kuni O`zbekiston va Rossiya Federasiyasi katta quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi istiqbollarini muhokama qilgani ma`lum bo`ldi. Ma`lumot uchun, «O`zatom» — atom energetikasini rivojlantirish agentligi 2018 yil 19 iyulda tashkil etilgan. Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari mamlakatda atom energetikasini rivojlantirishga oid davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni o`z ichiga oladi.
Dana Oparina