Afg`onistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo`l qo`ymaslik kerak — Prezident

07.04.2025 11:49

Shavkat Mirziyoev Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasida nutq so`zladi.

Tahlillarga ko`ra, so`nggi o`ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Lekin, afsuski, insoniyatning kambag`al qatlamlari daromadlari deyarli o`zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta`lim olish imkoniyatidan mahrum bo`ladi.

Shavkat Mirziyoev bunday tengsizlikning asl sabablarini aniqlash va uning oqibatlariga qarshi kurashish barcha uchun asosiy vazifa ekanini ta`kidladi.

Shuningdek, O`zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo`li bilan hal etishning qat`iy tarafdori ekanini bildirdi:

"Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo`yicha boshlangan muzokaralar jarayoni o`zining ijobiy natijasini albatta beradi.

Eng og`riqli muammolarga xalqaro huquqning umume`tirof etilgan me`yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyusiyalari asosida echim topish muhim, deb hisoblaymiz.

Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli echimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro`yobga chiqarishdan iboratdir" — Shavkat Mirziyoev.

Shuningdek, qo`shni davlat Afg`oniston haqida ham to`xtalib o`tildi. "Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo`l qo`ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o`rnatish, Afg`onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning ko`magiga ishonamiz" , — deydi prezident.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari dunyo miqyosida tez rivojlanayotgan sun`iy intellektni samarali tartibga solish maqsadida, sun`iy intellektdan foydalanish etikasi bo`yicha model qonun ishlab chiqishni taklif qildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар