BAYRAM! Bugun seni shu bayram bilan qutlashimga ijozat ber, olisdagi qishloq AYoLI!
Bayramni emas, ish izlab ketgan farzandini kutayotgan ONA — Bayram muborak bo`lsin!
40 yil qishlog`iga suv kelishini kutaverib charchamagan, elkalari o`tin tashib og`rimagan, ammo qaddi 40 ga kirmay turmush yuklaridan mung`ayib qolgan YaNGAM — Bayraming muborak bo`lsin!
Shirin so`z-u, guldastalarni emas, oddiygina orzuni: turmush o`rtog`ining uyiga ichmay kelishini, bir kungina bo`lsa-da haqorat eshitmasligini istayotgan ey olisdagi TENGDOShIM — Bayraming muborak bo`lsin!
O`zi uchun emas, faqatgina farzandlari uchun yashayotgan, oyog`idagi yirtiq kalishini ham yangisiga almashtirishga imkoni yo`q, ammo hayotidan hech qachon nolimagan soddagina OPAM — Bayraming muborak bo`lsin!
Bir vaqtlar katta-katta orzular qilgan, lekin bugun og`a-inisi uchun barchasidan kechib, egatlardan kelajak izlayotgan SINGLIM — Bayraming muborak bo`lsin!
Teleekranga yarashmagan, tantanali bayramlarda ko`rinmagan, umrida sovg`a-salom olmagan, devorlari nurab ketgan kulbasidan narini ko`rmagan ey AYoL — Senga ham shu bayram muborak bo`lsin!
Bir beshikda, bir kiyimda farzandlarini katta qilgan. Oddiy sharoit — “svet”, gaz yo`qligidan nolimagan, bu hayotidan birovga arz qilmagan, shaharliklar va`da bergan sharoitga umid ham qilmagan mushtipar ONA — Senga ham bayraming muborak bo`lsin!
Ehtimol ayol bo`lib bir bora turmush o`rtog`ingdan gul olmagansan, qadoq bosgan qo`llaringga krem surtmagansan, ayol bo`lib, balki hali yangi atlas ko`ylak ham kiymagandirsan... Dardu tashvishlarini ichiga yutgan, quvonchini-da o`zgaga ko`rsatishga iymangan ey ovulning sodda KELINI — Bayraming muborak bo`lsin!
Men jurnalist bo`lib, kompyuter qarshisidan turib, issiq qahvani tashlab seni ko`rgani olis qishloqqa borolmadim. Ammo huddi men kabi sivilizasiya ham borishga erinayotgan, o`sha sen yashayotgan qishloqlar shu bayram kuni ko`z oldimdan o`tdi.
Ehtimol sen shunday bayram borligini eshitmagandirsan, Siz tomonlarda balkim bu kun oddiy odatdagi kundek o`tayotgandir...
TVda aytilgan gaplar turmushingni engillatganmikan. Hayronman... Bayram kuni chalingan qarsaklar sabab, dasturxoningga tansiq taom tekkanmikan? Bilmayman… Umrida to`kin-sochin dasturxon qarshisiga o`tirmaganingga balki bizning ham aybimiz bordir. Axir bezangan, gul-gul yonayotgan, kunda kunaro ekranlarda ko`rinish berish, radiolarda og`iz ko`pirtirib gapirishni, suratlari gazeta-jurnallarda har oy ko`rinishini odat qilganlarga biz qalam ahli ham ko`proq e`tibor beramizu, ammo ne uchundir sening dardi tashvishlaringdan yiroqmiz.
Sen haqingda va seni haqingga minbarlardan turib balandparvoz tabrik yo`llaydiganlar ko`p. Seni og`ir turmushingni engillashtiraman, deb va`da beruvchilar ancha. U ayollar sochlarini ishirib, bashang kiyinib, minbarga chiqib so`zlaganlari, oxiri ko`rinmas va`dalari uchun sovg`a-salomlarini olib ulgirdi. Senga-chi, Senga bugun bayramligini kimdir eslatganmikan? Seni sog`intirgan, tirikchilik uchun xorijga ketgan farzanding senga qo`ng`iroq qildimikan? Seni shuni o`ylaysan har kun.
Aslida sen uchun uzoq yurtlarda ishlab yurgan farzanding qo`ng`iroq qilib, seni eslagan kun haqiqiy bayram emasmi?..
O`choq boshi, molxona, qo`ni-qo`shni uyidan nariga o`tganmisan? Umringda bir bor shaharga kelganmisan? Ey, og`ir hayotidan bir bora ham ta`na qilmagan qishloqning sodda ayoli — seni bayram bilan tabriklashga ijozat ber.
Sho`rlangan erlar shamoli nafis yuzlaringni-da sho`ralatgan ayol! Umringda salonlarga borganmisan, yo bir ayol bo`lib, yotib davo olganmisan, yo sho`r bosmagan chuchuk suv ichganmisan? Ey olis dala-dashtlarda, tog`u biyobonlarda, cho`lu qirlarda yashayotgan zamondoshim, bayraming bilan qutlashga ijozat ber. Bir kun sen yashayotgan qishloqlar ham obod bo`lar...
Boshida uniqqan eski ro`mol, oyog`ida yirtiq kalish bo`lsa-da, qiziga sep yig`ishdan charchamagan o`zbek ayoli umringda nishonlamagan bayraming senga qutlug` bo`lsin!
Eridan bir shirin so`z eshitmagan. Eri ichmay, yiqilmay kelib, uni urmagan kunni bayram qilgan ojiza ayol senga-da bayram muborak bo`lsin!
Mardikor bozoriga chiqmagan, Turkiyaga, Rossiyaga ish izlab borishga-da soddalik qilgan qishloq ayoli, senga ham bugungi bayram muborak bo`lsin!
40 yildan beri qishlog`iga suv kelishini kutib, har tong oilasiga beli og`rib suv tashigan. O`choqlarda suv isitib, kir chaygan. Shu holidan bir bora ham nolimagan ey munis ayol — senga ham bayraming muborak bo`lsin!
Ishon, bugun mamlakat katta ishlar, katta islohotlar boshida turibdi. Kambag`allikni tugatish yo`lidamiz. Hali barchasi ortda qolajak.
Ey!!! Bayram neligini bilmay o`tayotgan qishloq ayoli! Ayyoming bilan qutlashga bugun menga ijozat ber. Bir kun shu bayramlar sening xonadoningga ham kirib borar. Sen ham shu kunni biz shaharliklar, “kiborlar” kabi yayrab kutarsan. Lov-lov yonadigan yangi ko`ylak kiyasan, bezanasan, oyog`ingga zo`rg`a ilinib yurgan “toshkovush”ni bir chetga olib qo`yasan. Tansiq taomlar tanovvul qilasan, o`ynaysan, yayraysan... Axir bu bayram sening xonadoningga ham kirib boradi. Hech narsadan zoriqmaydigan damlar bo`ladi, o`shanda...
Hozircha esa senga mening bir reportaj qarzim bor, kimnidir “svet”, kimdir gaz, yana kimdir farovon hayot qarzi bor sendan. Qarzlarni hanuz uzmagan bo`lsak-da, shu kunlarda seni yodga olishga, ijozat ber. Bayraming qutlug` bo`lsin!!!
Anora SODIQOVA,
jurnalist
Manba: O`zA