O`tgan yili O`zbekistonda 10 ming gektarga yaqin er maydoni o`zboshimchalik bilan egallab olingan

25.03.2025 13:24

2024 yilda O`zbekistonda 9 462 ga er maydoni o`zboshimchalik bilan egallab olingan. Shundan 4,5 ming ga er ixtiyoriy ravishda qaytarilgan. Qolgani yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan sudlarga da`vo arizalari kiritilgan. Bu haqda Kadastr agentligi tomonidan 24 mart kuni AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.

Tadbirda agentlik mas`ullari o`zboshimchalik bilan egallangan er uchastkalariga “amnistiya” e`lon qilingan qonun ijrosi haqida ma`lumot berdi.

Qonun bilan 8 toifadagi ob`ektlar uchun mulk huquqini rasmiylashtirishga ruxsat berilgandi. Bunda er uchastkalarini e`tirof etish inson omilisiz bo`lishi, 4 mln nafarga yaqin fuqaroni qamrab olishi aytilgandi. Kadastr agentligi direktori o`rinbosari Mirsaid Mirmaqsudovga ko`ra, ayni paytda 5 980 ta er uchastkasi barcha kelishuvlardan o`tib, muhokamaga qo`yilgan.

“E’tirof.kadastr.uz saytiga kirib ko`rishingiz mumkin. Aniq ma`lumotni bilmayman, lekin taxminan 100 ga yaqin ko`chmas mulklar Adliya vazirligi tomonidan ko`rib chiqilib, keyingi bosqichga jo`natilyapti. Yaqinda bu er uchastkalariga bo`lgan huquqlarni e`tirof etish uchun to`lov bosqichiga o`tiladi. To`lovlar qilingandan keyin mahalliy kengashlar tomonidan e`tirof etish uchun tegishli qarorlar qabul qilinadi”, deydi Mirsaid Mirmaqsudov.

Agentlik axborot xizmati rahbari Ne`matjon Otamurodovning aytishicha, er maydonlarini xatlovdan o`tkazishda muammolar bor.

“Xatlov bo`ladigan mahallalar reja-jadvali tasdiqlangan. Qaysi mahallaga, qachon borilishi aytilgan. Hattoki mahalla raislari, faollar ogohlantirilgan. Shunga qaramay, fuqarolar uyda bo`lmaydi, ayollar yoki bolalar bo`ladi, eshikni ochmaydi. Oqibatda kadastr xodimi bitta uyga 5-6 marta borishiga to`g`ri kelyapti. Biz shaharda o`tirib, buni oddiy qabul qilishimiz mumkin. Chunki transport bor. Lekin tumanning bir chekkasiga borguncha juda ko`p vaqt va resurs yo`qotilyapti”, deydi u.

Agentlik mas`ullari 2024 yilning dekabrida Toshkentda to`satdan stansiyalarni demontaj qilish talabi bilan tadbirkorlarga xatlar jo`natilgani holatiga ham izoh berib o`tdi. Mirsaid Mirmaqsudovning ta`kidlashicha, agentlik doimiy ravishda “E-nazorat” tadbirini amalga oshirib keladi. Xatlar faqat hujjati yo`q stansiyalarni hujjatlashtirish maqsadida berilgan. Avtomobillarni zaryadlash stansiyalarini demontaj qilish bo`yicha hech qanday ish qilinmagan. Agentlik direktori o`rinbosariga ko`ra, Markaziy bank bilan hamkorlikda bankomatlarni ham demontaj qilish boshlangan.

Kadastr agentligi boshqarma boshlig`i Feruz Sultonovning  aytishicha, 2024 yilda barcha turdagi er uchastkalari hamda bino va inshootlarga bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazmaslik bo`yicha 13 669 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Ularga nisbatan MJtK bilan choralar qo`llangan.

Ma`lumot o`rnida, Kadastr agentligi 2025 yil davomida 6,9 mln gektar er maydonida xatlov o`tkazishni, 13 mingta noqonuniy qurilgan ob`ektga chora ko`rishni reja qilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар