Joriy yil fevralda aholi va tadbirkorlar inflyasion kutilmalari 0,9 foiz yomonlashdi. Bu haqda Markaziy bank o`tkazgan navbatdagi so`rov natijalarida ma`lum qilindi.
O`zbekistonda aprel oyida gaz va elektr energiyasi tariflari oshiriladi. Buning ortidan issiqlik ta`minoti va avtomobillar uchun yonilg`i narxlari ham ko`tarilishi ma`lum. Mazkur xabarlar fonida aholi va biznesning inflyasion kutilmalari yomonlashgan.
Aholining inflyasion kutilmalari
Fevralda aholining kelgusi 12 oylik inflyasion kutilmalari yanvardagiga (14,4 foiz) qaraganda oshib, 15,3 foizga etdi.
Aholi kelasi bir yil davomida kommunal to`lovlar, yoqilg`i va energiya resurslari qimmatlashishidan ko`proq xavotir bildirgan. Jumladan, o`tgan oyda kommunal to`lovlar ortishini kutayotganlar ulushi 63 foizga etdi. Taqqoslansa, yanvarda 57 foiz, 2024 yil martida 42 foiz respondent kelgusida kommunal tariflar o`sishini kutayotganini aytgan.
Fevralda yoqilg`i va energiya narxlari qimmatlashishini kutayotganlar ulushi ham yanvardagidan 2 foizga ortib, 52 foizga etgan.
Monopoliya va tariflar sun`iy oshirilishiga ishonayotganlar ulushi ham 25 foizdan 32 foizga ortgan.
Shu bilan birga, transport xarajatlari oshishini kutayotganlar ulushi bir foizga o`sib, 31 foizni tashkil etdi.
Asosiy oziq-ovqatlar qimmatlashishiga ishonayotganlar yanvardagi 26 foizdan 28 foizga ko`paygan. Ish haqi va nafaqalar oshishi kutilmalari esa bir foizga yaxshilanib, 23 foizga etgan.
Aholi inflyasion kutilmalarining yuqori ko`rsatkichi Toshkent shahrida, eng quyi darajasi Sirdaryo viloyatida qayd etildi. Hududlar kesimida kelgusi bir yillik inflyasion kutilmalar quyidagicha:
Toshkent shahri — 19,1 foiz;
Toshkent viloyati — 18,1 foiz;
Farg`ona viloyati — 17,5 foiz;
Samarqand viloyati — 16,7 foiz;
Namangan viloyati — 15,5 foiz;
Andijon viloyati — 15,4 foiz;
Surxondaryo viloyati — 15,3 foiz;
Xorazm viloyati — 14,5 foiz;
Qoraqalpog`iston — 14,1 foiz;
Buxoro viloyati — 13,9 foiz;
Qashqadaryo viloyati — 13,9 foiz;
Jizzax viloyati — 13,2 foiz;
Navoiy viloyati — 12,5 foiz;
Sirdaryo viloyati — 12,4 foiz.
Markaziy bank tahliliga ko`ra, fevralda daromadlari 5 million so`mdan yuqori bo`lgan aholining inflyasion kutilmalari nisbatan yuqori darajada shakllandi — 15,1 foiz (yanvarda 14,5 foiz).
Inflyasiyaning eng yuqori darajada oshishini kutayotganlar oyligi 15 million so`mdan yuqori ishtirokchilar bo`ldi. Ular kelgusi 12 oy ichida inflyasiya 20,4 foizgacha ko`tarilishini kutmoqda. Yanvardan bu raqam 18,2 foiz bo`lgandi.
Shu bilan birga, ish haqi 10–15 million so`m bo`lganlar inflyasion kutilmalari 17,2 foizni tashkil etgan.
Umuman olganda, Toshkent shahri va Farg`ona viloyatidan so`rovda qatnashganlarning 52 foizi, Samarqand va Toshkent viloyatidan ishtirok etganlarning 46 foizi kelgusi bir yilda inflyasiya 17 foizdan yuqori bo`lishini kutayotganini bildirgan.
Biznesda inflyasion kutilmalar
Tadbirkorlik sub`ektlarining inflyasion kutilmalari o`tgan oyga nisbatan 0,9 foizga tezlashib, 13,8 foizni tashkil etdi.
Biznes vakillari ham kommunal xizmatlarning qimmatlashishidan xavotir bildirgan. So`rov ishtirokchilarining 58 foizi kelgusi bir yilda mazkur turdagi xizmatlar narxi o`sishini kutmoqda (yanvarda 54 foiz edi).
O`z navbatida yoqilg`i va energiya narxining oshishi bo`yicha kutilmalar 1 foizga yomonlashib, 50 foizni tashkil etdi.
Transport xarajatlari oshishini kutayotgan korxonalar 34 foiz (+2 foiz), soliq yuki o`sishiga ishonayotganlari 27 foiz (+3 foiz), xom ashyo narxlari qimmatlashishiga amin bo`lganlar 27 foizga (+2 foiz) etgan.
Tadbirkorlik sub`ektlarining eng yuqori inflyasion kutilmalari Toshkent shahrida kuzatilgan — 17,8 foiz. Nisbatan past kutilmalar Surxondaryo viloyatida (12 foiz) qayd etilgan.
Ammo fevralda aholi va biznes inflyasion kutilmalari mamlakatdagi 10,1 foizlik rasmiy inflyasiya darajasidan balandligicha qolmoqda.
Fevralda sezilgan inflyasiya
Fevral oyi yakunlariga ko`ra, aholi tomonidan sezilgan inflyasiya darajasi yanvardagidan tezlashib, 15,1 foizga etgan. O`rtachadan yuqori sezilgan inflyasiya darajalari Toshkent shahri (19 foiz), Farg`ona (18,2 foiz), Toshkent (17,1 foiz), Samarqand (16,2 foiz), Namangan (15,5 foiz) viloyatlarida shakllangan.
Markaziy bank yanvar fevral oylarida aholi tomonidan narxlarida yuqori o`sish kuzatilgan asosiy turdagi tovar va xizmatlar bo`yicha ham ma`lumot taqdim etgan.
Qayd etilishicha, go`sht va sut qimmatlashganini aytganlar ulushi birdaniga 16 foiz oshib, 57 foizgacha etgan.
O`tgan ikki oyda dorilar narxi ko`tarildi degan respondentlar ulushi 24 foizdan 30 foizga, yo`lkira va tashish xizmatlari oshganini aytganlari 23 foizdan 25 foizga, kafe-restoranda ovqatlanish qimmatlashganini ta`kidlaganlari 13 foizdan 18 foizga ko`paygan. Shuninglek, tibbiy xizmatlar narxi oshganiga ishora qilganlar 14 foizdan 18 foizga, ijara haqi qimmatlashganiga urg`u berganlar ulushi 13 foizdan 15 foizga ortgan.
O`tgan oyda daromadlari 5 million so`mdan yuqori aholiga sezilgan inflyasiya darajasi balandroq shakllandi — 15,2 foiz.
Daromadi 15 million so`mdan yuqorilar inflyasiya darajasini 19,8 foiz, oyiga 10–15 million so`m topadiganlar 17,2 foiz, 7–10 million so`m daromadlilar 16,5 foiz sezgan.
Aholi tomonidan yuqori sezilgan inflyasiya ishlab chiqarish sohasida, nisbatan past daraja umumiy ovqatlanishda kuzatilgan. Sohalar kesimida sezilgan inflyasiya darajalari quyidagicha:
ishlab chiqarish — 16,6 foiz;
ilm-fan /ta`lim — 16,1 foiz;
IT va OAV — 15,7 foiz;
davlat tashkiloti — 15,7 foiz;
maishiy xizmat — 15,6 foiz;
pensioner — 15,4 foiz;
tibbiyot — 15,3 foiz;
kafe/restoran — 12,5 foiz.