2024 yil holatiga ko`ra, O`zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta mudofaa byudjetiga ega – 2,8 milliard AQSh dollari. Bu haqda “Global Firepower” tashkilotining 2025 yilgi hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko`ra, mazkur ko`rsatkich bo`yicha Markaziy Osiyoda ikkinchi o`rinda Qozog`iston – 2 milliard AQSh dollari, uchinchi o`rinda esa Turkmaniston – 1,1 milliard AQSh dollari bilan joylashgan. Mintaqada eng kam harbiy xarajatlar Qirg`iziston (221,8 million AQSh dollari) va Tojikistonda (446 million AQSh dollari) kuzatilmoqda.
Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) ma`lumotlariga ko`ra, jahon bo`ylab harbiy xarajatlar 2023 yildagi 2,24 trillion AQSh dollaridan 2024 yilda 2,46 trillion AQSh dollariga etgan.
Dunyo bo`yicha eng katta mudofaa byudjetiga ega 15 davlat umumiy hisobda 2 trillion AQSh dollaridan sal kam mablag` ajratgan.
Shundan AQShning harbiy byudjeti 968 milliard AQSh dollarini tashkil etib, ushbu 15 davlatning umumiy xarajatlarining qariyb yarmiga teng. Qolgan 14 davlatning jamlanma mudofaa byudjeti 1 trillion AQSh dollaridan biroz ko`proq bo`lib, bu AQShnikidan atigi 5,1 foiz ko`p. Ikkinchi o`rinda Xitoy – 235 milliard AQSh dollari, uchinchi o`rinda esa Rossiya – 145,9 milliard AQSh dollari bilan joylashgan.
Biroq xarid qobiliyati pariteti (PPP) hisobga olinsa, Xitoyning real harbiy byudjeti 477 milliard AQSh dollariga, Rossiyaniki esa 461 milliard AQSh dollariga etadi.