BRB 2024 yildagi faoliyati bo`yicha jamoatchilikka hisobot berdi
20.03.2025 10:01
Prezidentning 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta`minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmonida davlat organlari va tashkilotlari 1 aprelga qadar o`tgan yildagi o`z faoliyatiga oid hisobotni jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini o`tkazishi belgilangan.
Shunga muvofiq, “Biznesni rivojlantirish banki” 2024 yildagi faoliyati yuzasidan jamoatchilikka hisobot berdi.
Bank tomonidan norasmiy muloqot platformasi sifatida tashkil qilingan “BRB do`stlari” klubi doirasida o`tkazilgan tadbirda bank erishgan asosiy iqtisodiy ko`rsatkichlar, biznes rivoji uchun yo`naltirilgan sarmoyalar, xalqaro hamkorlik natijalari va tatbiq qilingan loyihalar haqida quyidagi axborotni berdi:
2025 yil 1 yanvar holatiga bankning umumiy kapitali yil boshiga nisbatan 35,1 foizga o`sib 4 trln 295 mlrd 500 mln. so`mga etdi;
daromad keltiruvchi aktivlari yil boshiga nisbatan 12,8 foizga o`sdi;
kredit qo`yilmalari 22 trln. 530 mlrd. 800 mln. so`mga etdi. Bu ko`rsatkich o`tgan yilga nisbatan 730 mlrd 200 mln so`mga yoki 3,3 foizga o`sgan;
2024 yilda barcha manbalar hisobidan 7 trln so`m miqdorida kredit mablag`lari ajratilgan;
“Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida 17 676 ta tadbirkorga 1,7 trln so`m kredit yo`naltirilgan;
“Biznesni rivojlantirish banki”ga respublika bo`yicha biriktirilgan 648 ta mahallalarda o`tgan yilda jami 1 trln 500 mlrd so`m kredit ajratilib, 473 ming nafar aholi bandligi ta`minlangan. Shundan 70 ming nafari doimiy ishga joylashtirildi va 403 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilingan;
Xotin-qizlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash maqsadida 18 866 nafar ayolga 919,8 mlrd so`m, bankka biriktirilgan mahallalardagi 1 868 nafar ayolga 122,9 mlrd so`m kredit ajratilishi natijasida 3 862 ta yangi ish o`rni yaratilgan;
Bank va Yaponiyaning Yamagata universiteti hamkorligida ishga tushirilgan “Biznes-portal.uz” platformasi orqali 10 ming nafar tadbirkor o`qitildi. Saralab olingan 24 nafar mahalliy mentorlar Yaponiyada malaka oshirib, xalqaro sertifikatga ega bo`ldi;
O`tgan yili bank tomonidan 112,3 mln AQSh dollari miqdoridagi xorijiy kredit liniyalari mablag`lari jalb qilingan.
Muloqotda bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, tomorqa biznesini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar haqida ham taqdimotlar o`tkazildi.
Bank hisoboti va taqdimotlar qizg`in muhokama qilindi. Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi hamda bank faoliyatiga doir takliflarini bildirishdi.