Toshkentda bitta xonadon narxi necha yillik ijara haqiga teng?

14.03.2025 18:22



Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlili bo`yicha, Toshkent shahrida 2025 yil 1 yanvar holatiga ko`ra xonadon narxi 11,2 yillik to`lanadigan ijara haqiga teng ekanini ko`rsatmoqda

Tahlilga ko`ra, 2017 yildan boshlab mamlakatda uy-joy qurilish sur`ati keskin oshib, uy-joy taklifi ko`paydi. Xususan, 2010-2016 yillarda xonadon (uylar) soni 400 ming donaga ko`paygan bo`lsa, o`tgan 7 yilda ushbu ko`rsatkich 1,65 millionga ko`paygan. 2024 yilda 100 mingdan ortiq xonadonga ega bo`lgan ko`p qavatli uy joylar qurilib, uylar soni 7,6 milliontaga etdi.

2024 yilda ro`yxatdan o`tgan uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni o`tgan yilga nisbatan 5,8 foizga pasayib, jami 256,6 ming donani tashkil etdi. Markaz hisob-kitoblariga ko`ra, 2025 yil yanvar holatiga tijorat ipoteka kreditlari bo`yicha o`rtacha foiz stavka 25,3 foizga teng.

Markaziy bank ma`lumotiga ko`ra, 2024 yil bo`yicha tijorat banklarining o`z mablag`lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlari o`rtacha foiz stavkasi 24,8 foizni tashkil etgan.

2025 yil uchun kutilmalar 

2025 yilda ham uy-joy bozorida talab va taklifni qo`llab quvvatlashga qaratilgan ishlar davom ettirilishi ko`zda tutilgan. Xususan, 2025 yilda 120 ming xonadonli ko`p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan bo`lib, uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga byudjetdan 15,5 trln so`m, banklar tomonidan qo`shimcha 10 trln so`m yo`naltirilishi rejalashtirilgan.

Uy-joy narxlari 

2022-2024 yillarda uy-joy narxlari o`zgarishining tahlili ko`rsatishicha, o`tgan 2 yilda narxlar o`sishi sekinlashmoqda. Misol uchun, 2022 yilda nominal uy-joy narxlari respublika bo`yicha o`rtacha 23,6 foiz (dollar hisobida) o`sgan bo`lsa, 2024 yilda narxlar o`sishi 6,2 foizni tashkil etdi.

Toshkent shahrida ijara narxlari o`zgarishi 

2022 yil yanvardan 2024 yil dekabriga qadar Toshkent shahrida o`rtacha ijara narxi (1 kv.metr) 1,2 foizga o`sgan. Ijara narxi o`sishi asosan 2022 yilda kuzatilib (25 foiz), 2023 yildan boshlab ijara narxi pasayishni boshlagan.

Xususan, yillik hisobda ijara narxi o`sishi 2023 yil yanvaridan pasayishni boshlab, 2023 yil oktyabrdan 2024 yil dekabrgacha ijara narxi tushishi kuzatilmoqda. 2024 yil yakuniga ko`ra, ijara narxi o`rtacha 8,2 dollarni tashkil etib, o`tgan yilga nisbatan 11,5 foizga pasaygan.

Hisob-kitoblarga ko`ra, Toshkent shahrida 2025 yil 1 yanvar holatiga xonadon narxi 11,2 yillik to`lanadigan ijara haqiga teng. 2022 yil solishtirganda yanvariga uy-joy narxlari ijara narxlariga nisbatan tezroq o`sgani tufayli ushbu nisbat kattalashib (3,65 yilga ko`paygan) kelgan. Boshqacha aytganda, mazkur davrda xonadon sotib olishdan ko`ra ijarada turish afzalligi ortgan. 

Qabul qilingan normalarga ko`ra, narx-ijara nisbati 16 yilgacha bo`lsa uyni sotib olish ijaraga olgandan “afzalroq”, 16–21 yil oralig`ida bo`lsa, xonadon sotib olish va ijaraga turish qiymati bir xil, 21 yildan katta bo`lsa, ijarada turish uyni xarid qilishdan ko`ra afzalroq hisoblanadi.

Shunga ko`ra bugungi kunda Toshkent shahrida xonadon sotib olish ijarada turishga nisbatan “arzon”roq (afzal) hisoblanadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар