"Farg`ona suv ta`minoti" AJ Qo`qon shahar bo`limining muqaddam sudlangan 2 nafar inspektori 51 ming AQSh dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Aniqlanishicha, 2 nafar inspektor o`z xizmat vazifasidan foydalanib, Qo`qon shahrida mahalliy qurilish firmasi barpo etayotgan yangi ko`p qavatli uylardagi jami 555 ta xonadonga ichimlik suvi uchun hisoblagich o`rnatish, shaxsiy kartochka ochish, sertifikat qilib berish evaziga pora talab qilgan.
Hozirda, mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi to`rtinchi qismi "a" bandi va 28, 211- moddasining uchinchi qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, bu kabi holat Andijon va Namangan viloyatlarida ham kuzatilib, Andijon viloyatida kadastr bo`limi boshlig`i 6 ming AQSh dollari bilan qo`lga tushgan.
Namangan viloyatida esa, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga qarashli “Energosavdo” korxonasining Davlatobod tuman bo`limi muhandisi metall eritish faoliyati bilan shug`ullanuvchi MChJda elektr hisoblagichdan noqonuniy foydalanilganlik holatini rasmiylashtirmaslik va jarimaga tortmaslik evaziga vositachi orqali 20 ming AQSh dollar pora olgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan, Andijon viloyatidagi mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat kodeksining 210-moddasi birinchi qismi bilan, Namangan viloyatidagi mansabdorga esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi to`rtinchi qismi "a" bandi va 28, 211-moddasining uchinchi qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.