Respublika va mahalliy ijro etuvchi organlarda raqamli rivojlanish darajasini reyting baholash tizimi 2024 yilning ikkinchi yarim yilliyi bo`yicha ma`lumotlarni qayd etdi.
Mazkur monitoring 44 ta davlat boshqaruv organlari, 33 ta xo`jalik boshqaruv organlari hamda 14 ta hokimliklarning “Ochiqlik va elektron ishtirok” indeksi bo`yicha baholagan.
Natijalarga ko`ra, Davlat boshqaruvi organlari orasida Bojxona qo`mitasi axborot xavfsizligi, ochiqlik va elektron ishtirok, elektron davlat xizmatlari, faoliyatning raqamlashtirilganligi indeksi hamda tashkiliy masalalar bo`yicha eng yuqori ko`rsatkichlarni qayd etgan.
23 nafar yuqori ko`rsatkichga ega davlat boshqaruv organlari orasidan Soliq qo`mitasi, Oliy ta`lim fan va innovasiyalar vazirligi, Davaktiv agentligi, IIV, Turizm qo`mitasi, O`rmon xo`jaligi agentligi, Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank kabilar ham o`rin olgan.
Raqobat qo`mitasi, Konteksnazorat, Texnik tartibga solish agentligi, Oila va xotin-qizlar qo`mitasi, Investisiyalar, savdo va sanoat vazirligi, Kinematografiya agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo`mitasi bo`lsa tegishli kriteriyalar bo`yicha talablarga deyarli javob bermagani uchun qizil rang bilan ro`yxatning eng pastki o`rinlaridan joy olgan.
Xo`jalik boshqaruv organlari orasida Navoiy KMK AJ, O`zkimyosanoat, O`ztransgaz va bir qator tijorat banklari yuqori o`rinlarda qayd etilgan. Toshshahartransxizmat AJ, Milliy bank, "Uzbekistan Airports" AJ va O`zbekiston temir yo`llari kabilar o`rta darajada baholangan bo`lsa, Hokimliklar orasida Namangan viloyati hokimligi eng yuqori darajada baholangan.
Shuningdek, Toshkent shahri, Samarqand, Navoiy, Toshkent, Farg`ona, Sirdaryo, Qashqadaryo, Xorazm va Jizzax viloyati hokimliklari ham yashil indikatorda. Buxoro, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasi vazirlar kengashlari sariq, ya`ni o`rtacha deb baholangan. Andijon viloyati hokimligi bo`lsa, qizil ko`rsatkichda.