Toshkentda tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan bemor ko`chaga tashlab ketildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko`ra, bemor 4 soat davomida bir necha tibbiyot muassasalariga olib borilgan, ammo ularning birortasi ham bemorni qabul qilmagan. Oxir-oqibat, u ko`p qavatli uy yo`lagida tashlab ketilgan. Tibbiyot muassasasi xodimlari bemorni qabul qilmaslikning sababi sifatida, uning doimiy yashash joyi yo`qligini va agar davolangan taqdirda ham, u baribir o`lishini ta`kidlashgan.
Shu o`rinda bir savol tug`iladi, insonning ijtimoiy sharoiti va turmush darajasi unga tibbiy yordam ko`rsatishdan bosh tortish uchun asos bo`la oladimi?
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 48-moddasiga ko`ra, har bir fuqaro sog`lig`ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. Konstitusiya barcha fuqarolarga tibbiy yordam olish huquqini kafolatlaydi, bu esa uning ijtimoiy holati yoki yashash sharoitlariga qarab cheklanmasligi kerak. Shunday qilib, uysiz yoki qarovsiz bo`lish odamni tibbiy yordamdan mahrum etishning asosiy sababi bo`la olmaydi. Aksincha, davlat va uning tibbiy muassasalari inson hayotini saqlash, yordam ko`rsatish va har bir fuqaroning sog`lig`ini himoya qilish uchun mas`uldir.
Agar tibbiyot muassasalari bemorni faqat uning uysizligi tufayli qabul qilmagan bo`lsa, bu holat O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va inson huquqlari buzilishi emasmi? Bunday vaziyatlarda mas`ul organlar tomonidan tegishli choralar ko`rilishi kerak emasmi? Axir gap inson hayoti, uning qadrsizlanishi haqida ketayapti.
Rasmiylar o`zini nima deb oqladi?
Respublika tez tibbiy yordam markazi ma`lumotlarga ko`ra, 1953 yilda tug`ilgan, uyi va aniq yashash manzili yo`q fuqaro M.B. tomonidan 6 mart kuni 4 marta tez yordamga chaqiruv qilingan. Har gal bemor tibbiyot muassasasiga olib borilgan, ammo yashash manzili yo`qligi sabab qabul qilinmagan.
Oxirgi chaqiruvdan so`ng, unga "o`ng tomonlama sut bezining yiringli yarasi" tashxisi qo`yilib, 1-son shahar klinik shifoxonasida qoldirilgan. Hozirda bemor Respublika onkologiya va radiologiya markazining Toshkent filialida davolanmoqda, deyiladi xabarda. (https://t.me/ssvuz/17831)
Rasmiylar bu borada nima deb munosabat berdi? Mazkur holatning qonuni izohi nega berilmadi? Aslida bizga voqealar rivoji emas, tibbiyot muassasalari nima sababdan bemorning ahvoli yomonligiga qaramay 4 soat davomida u yoqdan buyoqqa sudrashgani qiziq!
Rost24.uz bunday vaziyatda qonunchilikda qanday choralar ko`rilishiga aniqlik kiritish maqsadida, advokat Ahmadjon Azizov bilan suhbatlashdi. Ma`lum bo`lishicha, tibbiyot xodimlarining yuqoridagi harakatlari natijasida quyidagi qoidabuzarliklar sodir etilgan:
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks 59-1-moddasi.
Hayoti yoki sog`lig`i uchun xavfli holatda bo`lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo`lmaydigan tibbiy yordam ko`rsatishni asossiz ravishda rad etish (bunda fuqaroning uy-joyi yo`qligi asos bo`lolmaydi) – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Jinoyat kodeksi 116-moddasi: Kasb yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik. Shaxsning o`z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo`lishi tufayli kasb yuzasidan o`z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi badanga o`rtacha og`ir yoki og`ir shikast etkazilishiga sabab bo`lsa, — uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Qonun yoki maxsus qoidalarga muvofiq, kasalga yordam ko`rsatishi shart bo`lgan shaxsning uzrli sababsiz shunday yordam ko`rsatmaganligi badanga o`rtacha og`ir yoki og`ir shikast etkazilishiga sabab bo`lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
“Hatto o`lim tashxisi ham bemorni rad qilishga asos bo`la olmaydi. O`sha rad qilgan vrach(lar)ni jinoiy javobgarlikka tortish uchun bemorning o`lib qolishi shart emas. Tibbiy xizmatni ko`rsatmaslik bemorning hayoti va sog`lig`iga xavf solishi mumkin bo`lsa, bu holat mutasaddilar uchun jinoiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.
Shuningdek, ushbu vaziyat tibbiyot xodimlari ichgan qasamyodga zid bo`lib, bemorga uning irqi, diniy qarashlari, millati, fuqaroligi, shu bilan birga, yashash joyi, shu jumladan, bemor muqim yashash joyiga ega yoki ega emasligidan qat`i nazar, tibbiy yordam ko`rsatish majburiyatini yuklaydi”, deydi advokat Ahmadjon Azizov.
Uning aytishicha, ushbu sargardonlik bemor sog`lig`ining yomonlashishiga olib kelsa, bunga sababchi bo`lgan o`sha tibbiyot muassasalarining birinchi rahbaridan tortib, o`sha kunlarda mas`ul bo`lganlar-u, navbatchilikda bo`lib, rad javobini bergan navbatchi vrachlargacha ma`muriy javobgarlikka tortilishi kerak.
“Jinoyat kodeksining 207-moddasi ikkinchi qismi bilan, agar bemor shu sarson qilishlar oqibatida sog`lig`i og`ir yoki o`rtacha og`ir darajada yomonlashishiga olib kelingan bo`lsa, jinoiy javobgarlikka tortilishlari kerak bo`ladi. Bu o`sha muassasalarning rahbarlari - mansabdor shaxslarga nisbatan qo`llanilishi mumkin bo`lgan jinoiy javobgarlik. Va hattoki, o`sha "glavvrach"larning "Mening xabarim yo`q edi.", "Menga aytishmagandi" degan vajlari ham ularni bu javobgarlikdan ozod qilmaydi. Fakt – ular mansab vazifasiga sovuqqonlik qildi va qo`l ostidagi xodimining xizmat majburiyatini talabga muvofiq va o`z vaqtida bajarishini ta`minlay olmadi. Ammo, afsuski, amaliyotda bunday holatlar xizmatda yo`l qo`yilgan "arzimas" kamchilik deb baholanib, xizmat tekshiruvi natijasiga ko`ra, hayfsan va shunga o`xshash intizomiy choralar ko`rish bilangina mavzu yopib qo`yiladi,” deydi u.
Bu ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan butun boshli Sog`liqni saqlash tizimidagi muammolardan bir parcha xolos. Aslida, ushbu tizimda hal qilinishi kerak bo`lgan muammolar talaygina.
Bu o`rinda, tug`ruqxonalardagi ayanchli holatlar xalqning eng og`riqli nuqtalaridan biri bo`lib qolayotganini ta`kidlash lozim.
Onalar va bolalar o`limi
2023 yilda O`zbekistonda onalar o`limi 100 ming tirik tug`ilishga nisbatan 14,1 promillini tashkil etgan. Bu ko`rsatkich 2022 yilning shu davriga nisbatan 13,1 promilliga teng bo`lgan. Shuningdek, 6 178 ta holatda chaqaloqlar o`limi qayd etilgan. Bunga aksar holatda sog`liqni saqlash tizimidagi korrupsiya holatlari, shifokorlarning loqaydligi sabab bo`lishi barchaga ma`lum.
Jumladan, 2024 yilning 22 avgust kuni Andijon viloyati perinatal markaziga ko`richak bilan og`rib murojaat qilgan 26 yoshli homilador ayolni shifokorlar to`lg`oq keltiruvchi ukol yordamida tug`dirib olishgan. Shifokorlardan biri uning turmush o`rtog`iga ayolida kuchli sehr borligini, tezda chalpak va holvaytar qilib tarqatmasa, ayoli o`lishi mumkinligini aytgan. Shundan so`ng ayolning ahvoli yomonlashgan va u ko`richak yorilishi oqibatida vafot etgan.
Shuningdek, 2024 yilning 20 noyabr kuni Toshkent viloyatining Bo`ka tumanidagi tibbiyot birlashmasining tug`ruq bo`limidan bir emas, ikki o`lik chiqqan. 19 yoshli ayol va uning endigina tug`ilgan qizalog`i shifokorlar qo`lida jon bergan. Bu haqda jamoatchilikka xabar bergan marhumaning qarindoshiga ko`ra, ayol unga qilingan noto`g`ri ukol sabab olamdan o`tgan bo`lsa, uning endigina tug`ilgan qizalog`i esa, ayolga ko`rsatilayotgan tibbiy yordam paytida ona qornida jon bergan.
Shundan hech qancha vaqt o`tmasdan, 2024 yilning 23 noyabr kuni yana tibbiyot xodimlarining bolaga noto`g`ri ukol qilishi oqibatida endigina tug`ilgan chaqaloq vafot etgan. Sirdaryo tumanida yashovchi Feruza Xidirovaning so`zlariga ko`ra, so`nggi paytlarda Sirdaryo tumanidagi shifoxonada chaqaloqlar o`limi juda ko`paygan. Uning ma`lumot berishicha, jiyani bilan bog`liq voqeadan so`ng, tug`ruqxonadan yana bir chaqaloqning o`ligi chiqqaniga guvoh bo`lgan. Shuningdek, o`tgan yilning aynan shu sanasida Toshkentdagi tug`ruqxonalardan birida ham chaqaloqning jasadi chiqqani haqidagi material OAVda e`lon qilingan.
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan 7 tug`ruqxonaga homilador ayolga hech kim qaramagani oqibatida bola onaning qornida suvsiz qolib vafot etgan. Bolasi nobud bo`lgan onaning yaqinlariga ko`ra, ular homilador ayolning ahvoli yomonlashgach, shifoxonaga shoshilinch holatda olib kelishgan va oldindan shifokorni band qilishga ulgurmay qolishgan. Oqibatda esa, shifokorlar bemorni e`tiborsiz qoldirib, sansalorlik qilib, homilador ayolni sargardon qilishgan.
“Meni bir narsa hayron qoldirdi. Tug`ish uchun kelgan har bir ayolga shifokor gaplashganmisizlar, degan savolni berishyapti. Nega endi shifokor gaplashib, unga oldindan pul berib kelishimiz kerak? Gaplashib kelmaganlarga qaralmaydimi? Kelinim xonada dard chekib yotganda ham, tug`ish zaliga olib tushishganda ham u bilan hech kimning ishi bo`lmadi,” deydi kelinning qaynopasi. Demak, O`zbekiston tibbiyot muassasalarida puli yo`qqa hech kim e`tibor qaratmaydi, aslida-ku buni hamma biladi, biz gapimizni real dalil bilan isbotlashga harakat qildik xolos.
Yuqoridagi voqealarning asosiy qismi aynan o`tgan yili sodir bo`lgan, ammo 2024 yilda tug`ruqxonalarda onalar va bolalar o`limi bilan bog`liq statistika haligacha e`lon qilinmagan.
O`zbekistonliklar asosan qaysi kasallikdan vafot etmoqda?
Statistika agentligining ma`lumotiga ko`ra, 2024 yilda O`zbekistonda 174,4 ming kishi vafot etgan. Ularning 96 mingi erkaklar, 78,4 mingi ayollar bo`lgan. O`limlarning eng katta qismi – 57,6% qon aylanish tizimi kasalliklari sababli sodir bo`lgan. Shuningdek, yangi o`smalar (shishlar) 9,4%, nafas olish organlari kasalliklari 6,3%, baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlar esa 5,8% ni tashkil etgan. Hududlar bo`yicha eng ko`p o`lim Samarqand (10,8%), Farg`ona (10,3%) va Andijon (9,1%) viloyatlarida qayd etilgan.
Xulosa o`rnida shuni aytish joizki, ba`zida qog`ozlarni bezab turgan qonunlar ham ishlashi kerak. Aks holda, xalqning bu qonunlarga ishonchi qolmaydi.
Farangiz Qosimova