Oliy sud 2024 yil davomida birinchi instansiya sudlari tomonidan jinoyat ishlarining ko`rib chiqilishiga doir statistikani ochiqladi.
Ma`lumotlarga ko`ra, jinoyat sudlarida ko`rilayotgan ishlar va qatnashchilar soni yildan yilga oshib bormoqda.
Xususan, 2020 yilda 30 282 ta jinoyat ishi ko`rilgan va unda 38 mingdan ortiq shaxs qatnashgan. 2024 yil sudlarda ko`rilgan jinoiy ishlar soni esa 61 mingdan oshgan, ularda qariyb 78 ming kishi qatnashgan.
Hududlar kesimida
2024 yilda hududlar miqyosida Toshkent shahri, Farg`ona va Toshkent viloyatlarida eng ko`p jinoyat ishlari ko`rilgan. Bu 3 ta hudud jinoyatchilik ko`lami bo`yicha boshqalardan yaqqol ajralib turibdi, oldingi 5 yilda ham jinoyatchilik bo`yicha “peshqadam” bo`lgan. Shu turdagi eng kam ishlar esa Xorazm, Sirdaryo va Navoiy viloyatlari JIB sudlarida ko`rilgan (aholi soni eng kam hududlar).
Shaxslarning sudlanganlik holati – jazo tayinlanib hukm chiqarilgan hamda shartli hukm qilingan shaxslar soni 2020 yildan buyon 2,2 barobarga – 28 ming kishidan 61 minggacha oshgan. Oqlanganlar dinamikasi esa 2023 yilgacha oshib borgan – 1244 kishi. 2024 yilda esa kamaygan – 723 kishiga oqlov hukmi chiqarilgan.
Kuniga bitta qotillik
2024 yilda JIB birinchi instansiya sudlarida ko`rilgan ishlarning 5 foizi o`ta og`ir, 29 foizi og`ir jinoyatlardir. Qolgan 66 foiz ishlar esa ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan va uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlar toifasiga kiradi.
Oliy sud keltirgan statistikaga ko`ra, so`nggi 5 yillikda o`ta og`ir va og`ir turdagi jinoyatlar soni oshib bormoqda.
Masalan, odam o`ldirish bilan bog`liq jinoyatlar soni 2023 yilda 358 tadan 2024 yilda 402 taga oshgan. Nomusga tegish jinoyati 2023 yilda 234 tadan 2024 yilda 272 taga oshgan.
Bu raqamlar – O`zbekiston bo`ylab har kuni kamida bitta qotillik, har 2 kunda bir marta nomusga tegish jinoyatiga doir ish sodir qilinayotganini anglatadi.
Bundan tashqari, statistika 2020—2024 yillarda qasddan badanga tan jarohati etkazish, bosqinchilik, bezorilik, o`g`rilik va giyohvand moddalar bilan bog`liq jinoyatlar soni ham 2-3 barobardan oshganini ko`rsatmoqda.
Xususan, giyohvandlik bilan bog`liq jinoyatlar soni 2020 yilda 3941 tadan 2024 yilda 8373 taga oshgan. Xuddi shu davrda o`g`rilik jinoyati 4403 tadan 8321 taga oshgan. Talon-toroj qilish jinoyati yuzasidan ishlarda esa eng katta o`sish kuzatilgan – 1528 tadan 6046 taga oshgan.
2024 yilda sudlangan shaxslarning – 54 370 nafarini erkaklar, 7132 nafarini ayollar tashkil qilmoqda. Shu jumladan, mazkur muddatda 2214 nafar voyaga etmagan yoshlar sudlangan.
Qo`llanilgan jazolar
Jinoyat qonunchiligiga asosan, 2024 yilda JIB birinchi instansiya sudlari tomonidan aybdor deb topilgan fuqarolarga 8 turdagi jazolar qo`llangan – jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish, umrbod ozodlikdan mahrum qilish va shartli hukm. Eng ko`p qo`llangan jazolar – ozodlikdan mahrum qilish (20 655), axloq tuzatish ishlari (17 390) va ozodlikni cheklash (14 644).
So`nggi 5 yilda umrbod ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar soni 17 nafarni tashkil qilmoqda. Ushbu muddatda eng og`ir jazo eng ko`p qo`llangan yil 2023 yil bo`lgan: 5 kishi umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.