Dunyo bo`ylab o`smir qizlarning ahvoli yaxshilanmoqda, biroq sayyoraning barcha yosh ayollari bu o`zgarishlarni his qilmayapti va hali qilinishi lozim bo`lgan ishlar ko`p. Bu haqda UNICEF, BMT Ayollar tashkiloti va Plan International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tayyorlangan hisobotda so`z boradi. (https://news.un.org/ru/story/2025/03/1461966)
Tadqiqot mualliflarining ta`kidlashicha, ta`lim sohasidagi sezilarli yutuqlarga qaramay, butun dunyo bo`ylab millionlab o`smir qizlar hali ham maktabga bormaydi, hayot uchun muhim bo`lgan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega emas va bolalar nikohi, ayollar sunnati, zo`ravonlik va shafqatsiz munosabat kabi zararli amaliyotlarga duch kelmoqda.
Ta`lim
So`nggi 20 yil ichida maktabga bormaydigan qizlar soni 39 foizga kamaygan, biroq 122 million qiz hali ham o`qimaydi. Dunyo bo`ylab har 10 qiz va yosh ayoldan to`rttasi maktabni tamomlamaydi. Ayniqsa, qishloq hududlarida yashovchi va qashshoq oilalardagi qizlar eng zaif toifa hisoblanadi. Savodsiz qizlar va yosh ayollar soni so`nggi 30 yilda deyarli ikki baravarga kamaygan, biroq hali ham 50 million nafari o`qish va yozishni bilmaydi. Kam daromadli mamlakatlarda qizlarning 90 foizi internetga kira olmaydi, shu bilan birga, o`g`il bolalar qizlarga qaraganda ikki baravar ko`proq onlayn muloqot qilishi mumkin.
Gender zo`ravonligi
Turmush qurgan yoki sheriklik munosabatida bo`lgan qizlarning to`rtdan biri o`z jufti tomonidan zo`ravonlikka uchragan. Dunyo bo`ylab 50 million qiz jinsiy zo`ravonlik qurboni bo`lgan.
Zararli amaliyotlar
Ayollar sunnati kamroq uchraydigan holatga aylanmoqda: masalan, Burkina-Faso va Liberiyada bu amaliyotga duchor bo`layotgan qizlar soni so`nggi 30 yil ichida ikki baravarga kamaygan. Biroq ushbu amaliyotni 2030 yilga qadar butunlay yo`q qilish uchun bunday o`zgarishlar 27 baravar tezroq sodir bo`lishi kerak.
Qizlarning 18 yoshgacha turmush qurish holati 25 yil oldingiga qaraganda kamroq kuzatilmoqda. Biroq har beshinchi qiz hali ham bolalik chog`ida turmushga chiqmoqda. Ushbu sohada eng katta yutuqlarga Janubiy Osiyo erishgan bo`lsa, Lotin Amerikasi va Karib havzasida so`nggi 25 yil ichida hech qanday taraqqiyot kuzatilmagan.
Salomatlik va farovonlik
O`smir qizlar orasida tug`ruq statistikasining so`nggi 30 yilda ikki baravar kamayganiga qaramay, 2025 yilda 15-19 yosh oralig`idagi 12 million qiz ona bo`lishi kutilmoqda.
Homiladorlik, ayniqsa xavfli bo`lgan 10-14 yosh oralig`idagi qizlar orasida esa kutilayotgan tug`ruqlar soni 325 mingdan oshadi.
Hisobot mualliflari o`smir qizlarning hayotiga taalluqli siyosiy qarorlarni qabul qilish jarayonida ularning o`zlarini ishtirok ettirish, shuningdek, yosh ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni tavsiya qilmoqda. Mutaxassislar taraqqiyotga to`sqinlik qilayotgan aniq muammolarga e`tibor qaratish zarurligini ta`kidlaydi.