Dunyoda 2024 yilda chaqaloqlar o`limi koeffisienti har 1000 tug`ilgan chaqaloqqa 28,3 ni tashkil etdi. Eng past ko`rsatkichlar Singapur va Sloveniyada qayd etilgan. Bu haqda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining Jahon faktlar kitobiga tayanib, Ranking xabar berdi.
Yuqoridagi ikkala mamlakatda har 1000 tug`ilgan chaqaloqqa o`lim koeffisienti 1,5 ni tashkil etmoqda. Keyingi o`rinlarni Islandiya (1,6), Monako (1,7) va Norvegiya (1,8) egalladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida chaqaloqlar o`limi bo`yicha Turkmaniston (35,9) etakchilik qilmoqda. Keyingi o`rinlarni Qirg`iziston (24,5), Tojikiston (21,7), O`zbekiston (18,2) va Qozog`iston (8,0) egallagan.
Chaqaloqlar o`limining eng yuqori koeffisienti Afg`onistonda (101,3) qayd etilgan. Bundan tashqari, Afrika davlatlari — Somali (har 1000 tug`ilgan chaqaloqqa 83,6), Markaziy Afrika Respublikasi (80,5), Ekvatorial Gvineyada (77,4) yomon ko`rsatkichlar kuzatilgan.
Our World in Data tadqiqot loyihasi ma`lumotlariga ko`ra, 2022 yil yakunlari bo`yicha 5 yoshgacha bo`lgan bolalar o`limining eng yomon ko`rsatkichlari Afrika mamlakatlarida qayd etilgan. Shu bilan birga, 2000 yildan 2022 yilgacha bo`lgan davrda Afrika mamlakatlarida bolalar o`limi bilan bog`liq vaziyat sezilarli darajada yaxshilandi.
Masalan, dunyo bo`ylab 5 yoshgacha bo`lgan bolalar o`limi koeffisienti 2000 yildagi har 1000 tug`ilgan chaqaloqqa 76,37 dan 2022 yilda 37,12 gacha kamaydi. Eng yaxshi ko`rsatkich Ruandada kuzatildi, u erda bolalar o`limi ko`rsatkichi 2000 yildan beri 146,98 ga kamayib, har 1000 tug`ilgan chaqaloqqa 38,02 ni tashkil etdi. Keyingi o`rinlarda Angola (-136,03) va Malavi (- 133,31) turadi.
2022 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yaxshi ko`rsatkich Qozog`istonda qayd etilgan edi. Har 1000 tug`ilgan chaqaloqqa 9,74. O`zbekistonda bu ko`rsatkich 13,34 ni tashkil etgan. Bolalar o`limi bilan bog`liq yomon vaziyat Turkmaniston (40,39) va Tojikistonda (30,33) kuzatilgan. Shu bilan birga, 20 yildan ortiq vaqt ichida ko`rsatkichlar Tojikistonda (- 53,03) va O`zbekistonda (- 48,17) sezilarli darajada yaxshilandi.
2000—2022 yillarda 5 yoshgacha bo`lgan bolalar o`limi koeffisienti faqat beshta davlatda — Dominikan respublikasi (14,69), Fiji (5,57), Venesuela (2,7), Seyshel orollari (0,74) va Grenadada (0,52) o`sishni ko`rsatdi.