Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalarga ko`ra, 2025 yil 1 sentyabrgacha malaka toifasini berish tartibi bir qator bosqichlarda amalga oshiriladi.
Jumladan, navbatdagi majburiy attestasiyaga jalb etilmagan, shuningdek, attestasiyadan o`tganlik muddati tugagan va amaldagi malaka toifasi saqlanib qolgan quyidagi pedagoglar sentyabr oyigacha majburiy attestasiyaga jalb etilmaydi hamda ularga amaldagi malaka toifasi (lavozimi) bo`yicha haq to`lanadi:
oliy malaka toifasiga (bosh o`qituvchi lavozimiga) ega bo`lganidan so`ng ushbu toifani (lavozimni) 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo`lgan;
pedagogik faoliyat bo`yicha 25 yil va undan ko`p ish stajiga ega bo`lgan;
yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko`p bo`lmagan vaqt qolgan;
pedagogik faoliyat bilan shug`ullanayotgan pensiya yoshiga to`lgan pedagoglar.
Quyidagi talablardan biriga javob beradigan pedagoglarga esa to`g`ridan-to`g`ri malaka toifasi (lavozimi) beriladi:
pedagogik faoliyat bo`yicha 25 yil va undan ko`p ish stajiga ega bo`lgan pedagoglarga – ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi);
yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko`p bo`lmagan vaqt qolgan pedagoglarga – ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi);
oliy malaka toifasiga (bosh o`qituvchi lavozimiga) ega bo`lganidan so`ng ushbu toifani (lavozimni) 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo`lgan pedagoglarga – oliy malaka toifasi (bosh o`qituvchi lavozimi).
Bundan tashqari, hujjatda yana bir qator jihatlar nazarda tutilmoqda. Bular ta`lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fani pedagoglari, pensiya yoshidagi pedagoglar hamda oliy ma`lumotga ega bo`lmagan pedagoglarni attestasiyadan o`tkazish;
Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlar va ilg`or xodimlarni rag`batlantirish;
Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri jamg`armasi faoliyatini takomillashtirish.
Kiritilgan o`zgartirishlarga binoan, oliy ma`lumotli bo`lmagan pedagoglarga malaka toifalari berilmaydi. Ular 55 ball va undan yuqori ko`rsatkichga ega bo`lsa, attestasiyadan o`tgan hisoblanadi va lavozimi saqlanadi. Agar 55 balldan kam ko`rsatkich qayd etsa, attestasiyadan o`tmagan, o`qituvchi lavozimiga muvofiq emas deb topiladi.
Bundan tashqari, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestasiyadan o`ta olmagan oliy ma`lumotga ega bo`lmagan hamda mutaxassis (ya`ni, oliy ma`lumotli o`qituvchi) lavozimidagi pedagog kadr navbatdan tashqari attestasiyaga ko`pi bilan ketma-ket ikki marta jalb etiladi.
Mabodo ularning birontasida ham o`ta olmasa yoki uzrli sababsiz (masalan, kasallikka chalinish oqibatida mehnatga qobiliyatsizlik davrida hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestasiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat to`g`risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xodimning malakasi etarli bo`lmaganligi sababli bekor qilinadi.
Bu turdagi kadrlarni navbatdan tashqari attestasiyaga jalb etishga pedagoglar faoliyat ko`rsatayotgan ta`lim tashkilotining rahbari shaxsan javobgar bo`ladi.
Bordiyu malaka etishmasligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinsa, bunday pedagoglar o`z xohishi bilan navbatdan tashqari kasbiy sertifikatlash sinovida ishtirok etib, sertifikatni qo`lga kiritgan holdagina yana pedagog sifatida ishga qabul qilishini mumkin.
Ma`lumot uchun, endi nodavlat ta`lim tashkilotlarida ishlayotgan pedagog kadrlarini ham attestasiyadan o`tkazish va malaka toifasini berish amaliyoti yo`lga qo`yiladi.