Farg`ona viloyati Quvasoy shahar “Huvaydo” MFY hududidan oqib o`tgan “Besholish” soy bo`yidan 270 tup ko`p yillik sog`lom daraxtlar noqonuniy ko`chirilishi holati bo`yicha tegishli o`rganish ishlari o`tkazildi.
O`rganish natijalariga ko`ra ushbu er maydonida ko`p yillik qimmatbaho daraxtlar mavjudligiga qaramasdan, 2025 yil 22 yanvarda Quvasoy shahar hokimi tomonidan auksion savdolariga chiqariladigan er uchastkalariga bo`lgan huquqni davlat ro`yxatidan o`tkazish haqidagi qaror (31-11-167-Q/25-sonli) qabul qilingan.
Shuningdek, ushbu er maydonida ko`p qavatli turar joy binolari, yirik universal va ixtisoslashtirilgan savdo do`konlari, supermarketlar, restoranlar qurish loyihasini amalga oshirish va auksion savdolariga chiqarish maqsadida er maydoni 2 ta lotga bo`lingan holda “ERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan.
Ta`kidlash joizki, kelishish jarayonida Quvasoy shahar ekologiya bo`limi tomonidan 2025 yil 3 fevralda “ERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ko`p yillik daraxtlar mavjud bo`lganligi sababli ushbu er maydonida loyihani amalga oshirish mumkin emasligi ko`rsatilgan va rad javobi berilgan.
Shunga qaramasdan, Quvasoy shahar hokimining qurilish, kommunikasiyalar, kommunal xo`jalik, ekologiya va ko`kalamzorlashtirish masalalari bo`yicha o`rinbosari v.b. N.M.ning topshirig`iga asosan 11–14 fevral kunlari shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalar yordamida 270 tup (sasna, kashtan, katalpa, Yapon saforasi, tut, aylant) daraxt 16 ta joyga noqonuniy ravishda ko`chirib o`tqazilgan va 9 tup daraxt ko`chirish jarayonida nobud qilingan.
Shuningdek, hokimlik mansabdor shaxslarining noto`g`ri qarorlari va noqonuniy topshiriqlari oqibatida ko`chirilgan daraxtlar kelgusida nobud bo`lishi xavfi yuqori bo`lgan er maydonlariga ekilgan.
Daraxtlarni noqonuniy ko`chirish natijasida tabiatga umumiy 1 mlrd 829 mln 437 ming 500 so`m zarar etkazilganligi aniqlandi.
To`plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko`rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborildi.