2025 yilning fevral oyida tuman hokimlari lavozimida bir qator o`zgarishlar sodir bo`ldi. Xususan, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida rahbarlik lavozimlarida bir nechta tayinlovlar amalga oshirildi.
Xo`sh, bu tayinlovlar qanchalik asosli va qanday sabablarga ko`ra amalga oshirilmoqda? ROST24 shu kabi savollarga javob izladi.
Sirdaryo viloyatining 3 ta tumaniga yangi hokim tayinlandi
27 fevral kuni Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkin Turdimovning tegishli buyrug`i bilan Olimjon O`rozalievich Jo`raev Guliston tumani hokimi etib tayinlangan.
Shu paytgacha Guliston tumani hokimi lavozimida faoliyat olib borgan O`lmasjon Yarmaxammatovich Mamadaminov esa viloyat hokimining qarori asosida o`z lavozimidan ozod etilgan.
Shu kunga qadar Guliston tumanining Iqtisodiyot va moliya bo`limi boshlig`i, shuningdek, hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag`allikni qisqartirish bo`yicha birinchi o`rinbosari sifatida ishlab kelgan Olimjon Jo`raev deputatlar tomonidan tuman hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Olimjon Jo`raev 1982 yilda Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tug`ilgan. U 2004 yilda Guliston davlat universitetini tamomlagan va iqtisodchi mutaxassisligi bo`yicha ta`lim olgan.
Sirdaryo va Oqoltin tumani
Sirdaryo tumanidagi Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Azizbek Mahammadqul o`g`li Turdimurodov Sirdaryo tumani hokimi etib tayinlandi.
Avval Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasi boshlig`i lavozimida faoliyat yuritib kelgan Azizbek Turdimurodov 1994 yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug`ilgan. U 2019 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini, 2022 yilda esa O`zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini tamomlagan.
Shuningdek, Ernazarov Komiljon Yuldashalievich Oqoltin tumani hokimi lavozimidan ozod etilip, uning o`rniga Suvonov Xusnitdin Yaxshiliko`vich tayinlangan.
Xusnitdin Suvonov tayinlovdan avval tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari –va moliya-iqtisodiyot bo`limi boshlig`i lavozimida faoliyat olib borgan.
Mirzaobod tumani
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida o`tkazilgan Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida yangi hokim tayinlandi. Sessiyada viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
Sessiya davomida Abdurahim Abdulhamidovich Umarov Mirzaobod tumani hokimi etib tayinlandi. Shu paytgacha tumanga hokimlik qilib kelgan Orif Xudoyberdievich Rahmonqulov boshqa ishga o`tgani munosabati bilan lavozimidan ozod etildi, ammo hozirda uning qaysi lavozimga tayinlangani ma`lum qilinmagan.
Abdurahim Umarov Mirzaobod tumani hokimi etib tayinlanishidan oldin, Sirdaryo viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. U Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig`i lavozimida ishlagan.
Yuqorida berilgan faktlarga ko`ra, Turdimov Sirdaryo viloyati hokimligiga kelganidan so`ng yangi kadrlar bilan ishlashga katta e`tibor qaratib yangi hokimlarni o`zining jamoasiga kiritayotganini ko`rish mumkin. Biroq sobiq hokimlar nima uchun lavozimidan ozod qilingani noma`lumligicha qolmoqda.
Samarqand viloyatining 2 ta tumaniga yangi hokim tayinlandi
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida ham Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o`tkazilib, Paxtachi tumaniga yangi hokim sifatida deputatlar tomonidan Qayum Norbekovich Xushbaqovning nomzodi tasdiqlangan.
Sessiya davomida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboev Paxtachi tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishi borasidagi ishlar va erishilgan natijalarni muhokama qilib, yo`l qo`yilgan kamchiliklar haqida ham to`xtalib o`tdi. Shundan so`ng, viloyat hokimi Qayum Norbekovich Xushbaqovni Paxtachi tumanining hokimi etib tayinlashni taklif qildi. Deputatlar esa uning nomzodini bir ovozdan ma`qulladilar.
Qayum Xushbaqov mazkur tayinlovga qadar Samarqand viloyati hokimligi Axborot-tahlil guruhining rahbari sifatida faoliyat yuritgan.
Jomboy tumani
Jomboy tumaniga besh yil davomida rahbarlik qilib kelgan Qayum Sobirov o`z lavozimidan ozod etildi. Uning o`rniga yangi hokim sifatida Xurshid Nazarov tayinlandi.
Xurshid Nazarov mazkur tayinlovga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig`i lavozimida faoliyat yuritgan. U 2020 yil aprelidan buyon Jomboy tumani hokimi bo`lgan Qayum Sobirovning o`rnida ish boshladi.
Qiziqarli tomoni shundaki, Xurshid Nazarovning akasi Umid Nazarov ham bir vaqtlar Jomboy tumaniga hokimlik qilgan va 2019 yilga qadar ushbu tumanda rahbarlik qilgan. Shu tariqa, Nazarovlar oilasining tuman rahbarligidagi ilk tajribasi oilaviy an`anaga aylangan.
Muborak tumaniga yangi hokim tayinlandi
2023 yil oktyabridan buyon Muborak tumani hokimi bo`lib kelgan Muxtor Hayitmurodov o`z lavozimini G`olib Ne`matovich Murodovga bo`shatib berdi.
G`olib Murodov mazkur tayinlovga qadar “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta`minoti filiali direktori lavozimida ishlagan.
U 1981 yilda Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida tug`ilgan. Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent moliya institutini tamomlagan.
Muborak tumaniga 2023 yil oktyabridan buyon hokimlik qilgan Muxtor Hayitmurodovning iste`fosi sababi esa ma`lum qilinmagan.
Hokimlik lavozimlaridagi o`zgarishlar tizimdagi ishlashni yaxshilashga qaratilgan bo`lishi kerak. Ammo ba`zi o`zgarishlar sabablari to`liq oshkor qilinmagani uchun ularning samaradorligi so`roq ostida qoladi.