O`zbekistonda dori-darmon eng ko`p sotiladigan mahsulotlardan biri. Soliq qo`mitasining fiskal cheklar tahlili bo`yicha taqdim qilgan ma`lumotlariga ko`ra, o`zbekistonliklar 2024 yilda dori vositalariga jami 19,7 trln so`mdan ortiq pul sarflagan. Shundan 15,7 trln so`mdan ko`prog`i import preparatlar, 4 trln so`m mahalliy ishlab chiqarilgan preparatlar hissasiga to`g`ri kelgan.
Aholi jon boshiga nisbatan to`g`ri keladigan eng yuqori xarajatlar quyidagi hududlarda qayd etilgan:
Toshkent shahrida – 1,7 mln so`m;
Buxoro viloyatida – 746 ming so`m;
Samarqand viloyatida – 660,7 ming so`m.
Eng kam xarajatlar:
Qashqadaryo viloyatida – 308,9 ming so`m;
Qoraqalpog`iston Respublikasida – 302,3 ming so`m;
Surxondaryo viloyatida – 289,5 ming so`m.
Umuman o`tgan yilda dori vositalari uchun eng katta xarajatlar Toshkent shahri (5 trln so`m), Samarqand (2,6 trln so`m) va Farg`ona viloyatida (1,5 trln so`m) qayd etilgan.
Eng ko`p mablag` quyidagi kasalliklarni davolash uchun mo`ljallangan dori vositalariga sarflangan:
yurak-qon tomir kasalliklari;
infeksion kasalliklar;
og`riq qoldiruvchi vositalar;
asab tizimi kasalliklari;
oshqozon-ichak kasalliklari
Dori vositalari importi
Bojxona qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, 2024 yilda O`zbekistonga 1 mlrd 744,7 mln dollar farmasevtika va tibbiyot buyumlari import qilingan. Shundan 1,5 mlrd dollarlik mahsulotlar aynan chakana savdo uchun olib kirilgan dori vositalari hissasiga to`g`ri kelgan. Taqqoslash uchun, o`tgan yilda 0,5 mlrd dollarlik go`sht mahsulotlari, 258 mln dollarlik un va un mahsulotlari, 373 mln dollarlik o`simlik yog`lari import qilingan. Umumiy oziq-ovqat mahsulotlarining importi esa 3 mlrd 917 mln dollarni tashkil etgan.