“Cotuvchi va xaridorlarga qo`shimcha qulayliklar yaratish uchun”: Bozorlardagi patta puli oshirilishiga izoh berildi

18.02.2025 14:16

Toshkent shahar hokimining 2025 yil 14 fevraldagi 101-14-0-Q/25-son qarori bilan 2025 yil uchun bozor ma`muriyati tomonidan undiriladigan bozor yig`imi miqdori tasdiqlandi.

Unga ko`ra, patta puli sabzavot mahsulotlari hamda non va non mahsulotlari yo`nalishida 10 foizga, uy buyumlari, kiyim-kechaklar va uy parrandalari kabi yo`nalishlarda 17—20 foizgacha, sitrus, tropik va quruq mevalar, konserva, salqin ichiqliklar, gullar, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar kabi yo`nalishlarda 21—25 foizgacha, asal mahsulotlari kabi yo`nalishlarda 26—29 foizgacha oshirilgan.

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati mazkur yig`im miqdori va uning oshirilishi yuzasidan tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi 19 ta bozor va savdo komplekslarining jami xarajatlari 2022 yilda 256,3 mlrd so`mni, 2023 yilda 296,0 mlrd so`mni, 2024 yilda 314,1 mlrd so`mni tashkil etgan bo`lib, 2025 yilda soliq, kommunal to`lovlar, ish haqi oshishi hamda ta`mirlash va qurish ishlarini inobatga olib 383,5 mlrd so`m (2024 yilga nisbatan 22 foizga ko`p) reja qilindi.

Misol uchun: Eski Juva dehqon bozorining 2024 yilga nisbatan er solig`i 64 foizga (5,954 mlrd so`m), kommunal to`lovlar 17 foizga (4,254 mlrd so`m) oshayotgani, bundan tashqari, bozordagi rastalarni 5,9 mlrd so`mga qayta qurish ishlari inobatga olinib, 2025 yil uchun xarajatlar 28,6 mlrd so`mga (156 foiz) reja qilingan.

Qayd etish joizki, aslida belgilangan patta pullari aholiga sifatli xizmat ko`rsatish imkoniyatlarini zamonaviy darajaga olib chiqish uchun bo`lib, ularning bozorlar va savdo komplekslari umumiy tushumidagi ulushi 15 foizga ham etmaydi.

“Patta yig`imlarini oshirish orqali bozorlarni saqlash (tozalash, yoritish, obodonlashtirish, pavilonlar tom qismini (shifer, profnastil) ta`mirlash yoki yangisiga almashtirish, rastalarni ta`mirlash yoki yangi qurish, yo`laklarni asfalt yoki bruschatka qilish, panjaralarni bo`yash, kommunikasiya tarmoqlarini saqlash turish) hamda sotuvchi va xaridorlarga qo`shimcha qulayliklar yaratish ishlarini amalga oshirish, soliqlarni, kommunal to`lovlarni va 1 600 dan ortiq ishchi xodimlarga oylik maoshlarini o`z vaqtida to`lash reja qilib olingan“, — deyiladi axborotda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар