Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) Toshkent shahridagi ko`p qavatli uy-joylarga kiritilgan investisiyalarning daromadliligini tahlil qildi. Tadqiqot shuni ko`rsatdiki, bunday investisiyalarning rentabelligi sezilarli darajada pasaygan.
Zarar ko`rganlar ham bor
Xususan, 2024 yil fevral oyida uy-joylarni ijaraga berish va ularning qiymati o`zgarishidan olingan daromad o`rtacha 32,4 foizni, oktyabr oyida esa 12,2 foizni tashkil etgan bo`lsa, joriy yilning yanvar oyida 7,6 foizgacha pasaydi.
Ba`zi hududlarda hatto manfiy daromadlilik ham kuzatilmoqda, bu esa investorlar uchun ehtimoliy zararlardan darak beradi.
Daromadlilik hudud va xonalar soniga qarab sezilarli darajada farq qiladi.
Eng ko`p daromad qaysi tumanlarda?
Eng ko`p daromadlilik Mirobod tumanidagi 1 xonali xonadonlar uchun 53 foizdan -1,7 foizgacha, Bektemir tumanidagi 3 xonali xonadonlar uchun 33,7 foizdan -5,5 foizgacha, shuningdek, ushbu tumandagi 4 xonali xonadonlar uchun 37,9 foizdan -7,3 foizgacha pasaygan.
Bektemir tumanida 1 xonali kvartiralarga kiritilgan investisiyalardan olingan daromad 46,8 foizdan 54,3 foizga ko`tarildi.
Chilonzor tumanidagi 4 xonali xonadonlar bo`yicha daromadlilik 19,8 foizdan 16,5 foizga, Yakkasaroy tumanidagi 2 xonali xonadonlar bo`yicha esa 24,2 foizdan 15,1 foizga pasaydi. Shunga qaramay, bular eng kam pasayish kuzatilgan segmentlar hisoblanadi.
Uy-joy narxlarining o`zgarishi
Yakkasaroy, Bektemir va Chilonzor tumanlarida 2024 yil fevral oyida uy-joy narxlarining oshishidan olinishi mumkin bo`lgan foyda mos ravishda 16,1 foiz, 26,9 foiz va 15,4 foizni tashkil etgan. 2025 yil yanvar oyiga kelib bu ko`rsatkichlar keskin pasayib, 3 foiz, 2,8 foiz va 0,3 foizga tushdi.
Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida narxlarning pasayishi qayd etildi: mos ravishda 35,8 foizdan -0,8 foizgacha va 30,4 foizdan -3,4 foizgacha.
Ijara
2025 yil yanvar oyida ijara bo`yicha o`rtacha yillik daromad:
Mirobod tumani — 10% (o`tgan yilning fevral oyida — 10,4%);
Mirzo Ulug`bek tumani — 9,9% (10,6%);
Shayxontohur tumani — 9,8% (11,6%).
Ijara nisbatan arzonroq hisoblangan Olmazor, Uchtepa, Sergeli tumanlarida bu ko`rsatkich 2024 yil fevraliga nisbatan biroz pasayib, 8,9 foizni tashkil etdi (oktyabr oyida 9,1−9,7 foiz edi).
Daromadlilik darajasi bo`yicha investision jozibadorligi yuqori hisoblangan 1 va 2 xonali xonadonlardan daromad olish imkoniyatlari ham tushib bormoqda. Agar 2024 yil fevral oyida daromadlilik 35,6 foiz va 30,8 foizni, oktyabr oyida esa 16,7 foiz va 12,2 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2025 yil yanvar oyida 14,3 foiz va 7,5 foizga tushdi.
Xuddi shu davrda 3 xonali kvartiralarning daromadliligi 33 foizdan 5,5 foizgacha, 4 xonali kvartiralar uchun esa 30,3 foizdan 2,9 foizgacha sezilarli darajada kamaydi. Oktyabr oyida ham bu ko`rsatkichlar mos ravishda 10,1 foiz va 9,9 foizni tashkil etgan.
Ko`chmas mulkka sarmoya kiritish bank omonatlariga qaraganda kamroq foydali bo`lib qoldi
2024 yilning yarmidan boshlab uy-joyga investisiyalar daromadliligi jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlardan olinadigan o`rtacha daromadlilikdan past darajada shakllanib kelmoqda.
2023−2024 yillarda:
Valyuta omonatlari bo`yicha o`rtacha stavka taxminan 5 foizni tashkil etdi.
Milliy valyutadagi omonatlar bo`yicha — 21−22 foiz.
Rivojlanayotgan davlatlarda aholi jamg`armalarining uy-joyga yo`naltirilishi qisqa muddatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oshirishi mumkin. Ammo, uzoq muddatda kapital bozorini rivojlantirish va aholi uchun diversifikasiyalangan investisiya imkoniyatlarini taqdim etish muhim. Shu yo`l bilan aholi jamg`armalari nafaqat saqlanadi, balki milliy iqtisodiyotning turli sohalariga investisiya qilingach, yanada jadal rivojlanish imkonini berad, deb ta`kidlaydi MHTI.