Jurnalistlar qon quyiladigan maxsus yashirin quvurni topdi
Siz har kuni o`tadigan, ekinlarni sug`oradigan, bolalaringiz o`ynab katta bo`layotgan ariqdan bugun har kuni ko`pirib qon oqib tursa, etingiz jimirlamaydimi?.. Ayniqsa, bu ariq minglab kilometr yo`l bosib katta shahar, millonlab yashayotgan shahar aholisi tomon yo`l olsa-chi?..
Har qalay bu holat shunchaki ko`z yumib o`tib ketadigan oddiy holat, emas deb o`yladik.
Toshkent viloyati Qibray tumanining O`ngqo`rg`on mahallasidagi fermer xo`jaliklarining o`rtasidan o`tgan ariqdan har kuni ikki mahal qon oqadi. Toshkent shahridan 2 km. naridan o`tgan mazkur ariqda oqadigan qonni ilk bor ko`rgan odam xayoliga kitoblarda o`qigani, qirg`inbarot urushlarda “ariqlar to`lib qon oqdi”, “qonlar ariq bo`lib oqdi” degan so`zlar kelaveradi.
Ariq bo`yidagi aholi esa bu manzarani har kuni ko`raverib deyarli ko`nikib ham ketgan. Ular bu qonli ariq bo`yicha 3 yil mobaynida ko`p joyga murojaatlar qilishgan, ammo ko`rib turganingizdek, ariqdan qon oqishda davom etmoqda.
Rost24.uz axborot sayti ijodiy jamoasi ariq yoqalab qon boshlanish nuqtasini izlab yo`lga tushdi.
Ariq yoqalab taxminan 3-4 kilometrlar yurgandan so`ng qon quyiladigan yashirin quvur topildi.
Bu quvur taxminan 300 metr uzoqlikdagi qushxonadan o`tkazilgani ma`lum bo`ldi. Olxo`ri daraxtlari ekilgan fermer xo`jaligining taxminan 2 metr tagidan yashirincha o`tkazilgan maxsus quvurdan ariqqa quyilar ekan.
Mazkur qushxona esa “OBOD SAVDO BIZNES” MChJga qarashli mol bozorining ichida joylashgan. Ushbu bozordan xarid qilingan va boshqa joydan olib kelingan mollar shu erning o`zida so`yilib qoni va axlati er tagidan o`tgan quvur orqali ariqqa oqizib yuborilar ekan. Mana sizga tadbirkorlik.
Har kun 2, 3 mahal qon oqadigan ushbu ariq Qibray tumanidan o`tuvchi “Qoraqamish” kanaliga qo`shiladi. Bu kanal esa Toshkent shahrining “Qoraqamish” massividan o`tib Olmazor tumanining markazidagi suzish havzasiga quyilar ekan. Ushbu havzaga so`yilgan mollarning qon va axlati etib kelguncha ko`rinishini yo`qotishi mumkindir, ammo tarkibi yo`qolmaydi. Yoz kunlari aholi cho`miladigan suvga qo`shilishini va oqibatini hech qanday izoh bilan oqlab ham bo`lmaydi.
Mazkur muammoga nafaqat Qibray tuman mutasaddilari,balki Ekologiya qo`mitasi, Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi kabi bir qancha mutasaddi tashkilotlar e`tibor qilishi lozim.
Toshkent viloyati Qibray tumanining O`ngqo`rg`on mahallasidan boshlanadigan qonli suvlar poytaxtimizning o`rtasidan o`nlab kilometr masofa bosib millionlab aholi yashaydigan manzillardan o`tib ketadi. Hattoki yosh bolalar cho`miladigan havzalarga ham bir kirib o`tishi yuqoridagi amaldorlarimiz jiddiy e`tibor qaratish lozim bo`lgan jiddiy mavzu.
Rost24.uz mavjud muammoni xalqqa va mutasaddilarga oshkor qildi. Umid qilamizki, mazkur mavzuga boshqa qaytmaymiz.