Qonun loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:
pedagog xodimlarning sha`ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to`lashdan ozod etish;
pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan ishlarga, yig`ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;
pedagog xodimga umumiy belgilangan yoshdan besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqini taqdim qilish;
pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun uning oylik ish haqidan yo`naltiriladigan mablag`larni daromad solig`idan ozod etish;
pedagog xodimga ellik olti ish kunidan iborat yillik haq to`lanadigan uzaytirilgan ta`til, shuningdek, ta`til berilganida, kalendar yilida bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sog`lig`ini tiklash uchun moddiy yordam berish;
pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshining eng kam miqdorini belgilash va ko`p yillik xizmati uchun ustama to`lash tizimini joriy etish;
pedagog xodimni kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash;
oliy ma`lumotga ega bo`lmagan, ammo ta`lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimlarni oliy ta`lim muassasalariga pedagogika yo`nalishi bo`yicha imtiyozli asosda o`qishga qabul qilish.
Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o`tkazilishi uchun joylashtirildi (https://regulation.gov.uz/uz/d/25127).
Adliya vazirligi ushbu loyiha yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar bildirish mumkinligini ma`lum qildi.