Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida xizmat ko`rsatish sohalarini rivojlantirish bo`yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda xizmatlar sektorida kuzatilayotgan kamchiliklar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Shuningdek, vazir va hokimlar faoliyati tanqid qilindi. Turli hududlarda xizmat ko`rsatish sohasida vazifalar kutilganidek bajarilmagan. Jumladan:
—Xorazmga 6 million mahalliy va xorijiy sayyoh olib kelish reja qilingan bo`lsa-da, yo`lovchilar yiliga 800 mingdan oshmayapti;
—Buxoro va Samarqanddan Xivaga aviareys yo`qligi;
—Xususiy klinikalarga olib kelingan brend tibbiy uskunalarni ro`yxatdan o`tkazish 6 oygacha cho`zilayotgani;
—Ichimlik suvi, kanalizasiya va yo`l qurilishida rivojlanish yo`qligi;
—Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida savdo va servis ob`ektlari qurish borasida ishlar qoniqarsizligi;
—Guliston tumanida xizmatlar hajmi aholiga nisbatan kam ekanligi;
—Namangan shahrida "xufiyona iqtisodiyot" yuqoriligi;
—Nishon, Yangiqo`rg`on va Narpayda IT xizmatlari ancha orqadaligi, Samarqand va Yangier shahri, Mirzaobod, Mirzacho`lda moliyaviy xizmatlar hajmi pasaygani, Qarshi shahri, Jomboy, Urgut, Urganch, Uchtepa tumanlarida savdo o`smayotgani, Farg`onaning 7 ta tumanida tibbiy xizmatlar hajmi qisqargani;
—3 ta davlat bilan chegaradosh, 7 ta bojxona posti bo`lgan Toshkent viloyatidagi chegaraoldi hududida birorta klinika yo`qligi, bu holat Namanganda ham shunday ekani tanqid qilindi.
Umuman olganda, xizmat ko`rsatish sohasida sustlik sabab, ushbu sohaga ko`proq tadbirkor yordami jalb qilinishi ko`zda tutilmoqda.
Xizmat ko`rsatish sohasida kelgusidagi rejalar:
—Banklarning developerlardan mulklarni to`g`ridan-to`g`ri sotib olish va tadbirkorlarga qulay shartlarda ijara yoki lizingga berish taklifi ma`qullandi. Bu orqali 50 ming kvadrat metrli noturar joylar muomalaga kiradi;
—Olmazor tumanidagi 17 ta ko`chadan o`tgan 7,3 kilometr uzunlikdagi yo`lni gastronomik ko`chaga aylantirish loyihasi ma`qullandi. Ushbu ko`chada 250 ta savdo va servis ob`ektlari tashkil qilinadi;
—Poytaxtdagi yana 26 ta ko`chani tun-u kun ishlaydigan gavjum ko`chaga aylantirib, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalari mingtaga ko`paytiriladi;
—Tadbirkorlar bilan birgalikda joriy yilda 72 ta sohil bo`yi dam olish maskanlari ishga tushirilib, 62 ta istirohat bog`larini zamonaviy qiyofaga keltirish, 154 ta tun-u kun ishlaydigan turizm va gastronomik ko`chalarni tashkil qilish, 364 ta yo`l bo`yi va boshqa servis ob`ektlarini barpo qilish rejalashtirilgan;
—2025 yil 1 martdan 6 oy davomida sotilmagan 10 ming kvadratgacha bo`lgan davlat ob`ektlari tadbirkorlarga 10 yilga to`g`ridan-to`g`ri ijaraga beriladi. To`rt yil davomida ijara vaqtida to`lansa, bu joy tadbirkorga xususiylashtiriladi;
—Yoshlarni IT va chet tiliga o`qitish uchun bu yil har bir viloyatda 5 tadan davlat ob`ekti tadbirkorlarga ijaraga beriladi;
—2025 yil 1 martga qadar 11 ta, 1 oktyabrgacha yana 18 ta davlat xizmatini xususiy sektorga berish choralari ko`riladi;
—“Evro-5” va undan yuqori ekologik talabga mos yuk avtomobillari yana 3 yilga bojxona boji va utilizasiya yig`imidan ozod qilinishi belgilandi;
—Kamida 1 million turistni jalb qilish uchun konsert, biznes forumi va ko`rgazmalar o`tkazish dasturi ishlab chiqiladi;
Viloyat hokimlariga qo`shni davlatlar bilan chegaraoldi hududlarida 21 ta ko`p tarmoqli klinika tashkil qilishni boshlash topshirildi.