O`zbekistonda banklar avtokredit berishda avtomobillarga chegirmalarni hisobga olishni boshlaydi. Bu haqda 7 fevral kuni xizmat ko`rsatish sohalarini rivojlantirish bo`yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan Shavkat Mirziyoev raisligidagi videoselektor yig`ilishida aytildi.
Ko`plab avtosalonlar avtomobil xaridi uchun pul to`liq to`lansa chegirma bermoqda. Lekin amaldagi qoidalarga ko`ra, kreditga beriladigan avtomashina uchun bu chegirmani banklar qabul qilmaydi. Agar banklarga chegirma qabul qilishga ruxsat berilsa, kredit stavkasi 4 foizga arzonlashadi.
Prezident bu cheklovni mahalliy avtomashinalar uchun bekor qilish muhimligini aytdi.
Shuningdek, yig`ilishda qayd etilishicha, xizmatlar ko`lamini kengaytirish uchun taksi agregatorlaridan biri 2 mingta avtomobil kreditiga kafil bo`lib, 4 ming odamni ishli qilish taklifi bilan chiqqan. Buning hisobiga yangi zamonaviy taksilar ko`payadi. Bunday loyihalarga banklar 1 trillion so`m kredit ajratishga tayyor.
Umuman, bu yil transport xizmatlari hajmini 15 foizga oshirib, 185 trillion so`mga, eksportini 2,2 milliard dollarga olib chiqish zarurligi ko`rsatib o`tildi.