AQSh hukumatining xorijga, jumladan O`zbekistonga ham yordam ko`rsatish bo`yicha asosiy agentligi USAID yopilishi mumkin. Prezident Donald Tramp ma`muriyati ushbu agentlikni AQSh Davlat departamenti bilan birlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Xabarga ko`ra, Trampning bu qaroridan keyin minglab dasturlar yopilib, oqibatda ishdan bo`shatish va moliyaviy inqirozlarga olib keldi.
USAID o`zi qanday agentlik?
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) — Amerika Qo`shma Shtatlarining hukumat agentligi bo`lib, rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy, ijtimoiy va demokratik taraqqiyotga ko`maklashadi. Uning faoliyati qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash, ta`lim, iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlari va boshqaruv kabi sohalarni qamrab oladi. Shuningdek, agentlik dunyodagi eng yirik yagona donor etkazib beruvchi hisoblanadi.
Ma`lumot uchun, USAID O`zbekistonga sil kasalligiga qarshi kurash, biznes va xususiy sektorni mustahkamlash, shuningdek, mahalliy boshqaruvni rivojlantirish kabi yo`nalishlarda yordam ko`rsatib kelgan.
Tramp nima uchun ushbu agentlik faoliyatiga yakun yasamoqchi?
Trampning USAID faoliyatini to`xtatishga urinishida X ijtimoiy tarmoq egasi, milliarder Ilon Maskning roli katta ekani aytilmoqda. Ilon Mask X ijtimoiy tarmog`ida USAIDni jinoyatchi tashkilot deb atab, Tramp bilan agentlik faoliyatini tugatish bo`yicha batafsil suhbatlashgani va uning roziligini olganini e`lon qilgan.
Keltirilishicha, Mask hukumatni ham X ijtimoiy tarmog`i kabi nazoratga olib, qayta qurishni qo`llab quvvatlaydi. Shu maqsadda Tramp, Mask va respublikachilar AQShning tashqi yordam dasturini — USAID isrofgarchilikda va liberal ijtimoiy dasturlarni ilgari surishda ayblab, uni nishonga olishgan.
Shuningdek, hukumat transgender huquqlari, abort qilish imkoniyati va boshqa buzg`unchi masalalarni qo`llab-quvvatlovchi har qanday loyihalarga qarshi ekanini ma`lum qilgan. USAID faoliyatini to`xtatish ham behuda sarf-xarajatlarni yo`q qilish imkoniyatini yaratish uchun mo`ljallangani ta`kidlagan.
Umuman olganda, Trampning lavozimga qaytganidan keyingi birinchi harakatlaridan biri deyarli barcha xalqaro xarajatlarni 90 kunga to`xtatib qo`yish to`g`risidagi farmonni imzolash bo`ldi. Keyinchalik esa gumanitar dasturlar uchun voz kechishlar e`lon qilindi.
Hozircha Tramp USAID yopilishi haqida hech qanday rasmiy bayonot bermagan.
Aytib o`tish joizki, ko`pchilik AQSh mablag`larining to`xtatilishi Vashington ittifoqchilariga zarar etkazishi va uning dushmanlari mamnuniyat bilan to`ldirishga intilishi mumkin bo`lgan bo`shliqni yaratishi mumkin.