60 mingdan ziyod tadbirkorlar davlat ro`yxatidan o`tmasdan faoliyat ko`rsatayotgani aniqlandi

06.02.2025 12:40

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2024 yildagi tezkor-nazorat tadbirlari davomida tabiiy gaz va elektr energiyasining talon-toroji bilan bog`liq 1 200 dan ortiq huquqbuzarlik holati aniqlandi. AOKAda o`tkazilgan brifingda aytilishicha, ularda 600 milliard so`mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan.

Bosh prokuratura departamenti yil davomida 1392 ta alkogol va tamaki mahsuloti noqonuniy aylanmasiga chek qo`ydi. Bunda 65 milliard so`mlik spirt, alkogol va tamaki mahsulotlari savdosining oldi olindi.

Shu bilan birga, tamakining noqonuniy aylanmasi 22 foizdan 9 foizga, alkogol mahsulotlarining yashirin aylanmasi esa 35 foizdan 18 foizga kamaydi. Natijada tamakining aksiz solig`i tushumi 31 foizga oshdi.

Farmasevtika sohasida ham qator huquqbuzarliklar fosh qilindi. 387 ta jinoyat aniqlanib, 38,5 milliard so`mlik sifatsiz preparatlar va tibbiy buyumlar olib qo`yildi.

Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan byudjet mablag`larining maqsadli sarflanishiga qaratilgan choralar natijasida 2,8 trillion so`mlik xarajatlar maqbullashtirildi, 3,1 trillion so`mlik noto`g`ri sarflanishning oldi olindi.

Shuningdek, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda uni keltirib chiqarayotgan omil va sabablarini bartaraf etish yo`nalishlardan biri sifatida faoliyat tashkil etilib, 12 254 ta tadbirkorlik subektiga huquqiy va amaliy yordam ko`rsatildi, davlat ro`yxatidan o`tmasdan faoliyat ko`rsatayotgan 60 mingdan ziyod tadbirkorlar faoliyatiga qonuniy tus berildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishiga to`sqinlik qilish hamda ularning huquq va manfaatlarining buzilishi bilan bog`liq 190 ta jinoyatga barham berildi.

Soliq huquqbuzarligi to`g`risida tadbirkorlarni xabardor qilish hamda profilaktika choralari orqali jinoyat ishlari qo`zg`atmasdan 15,3 mlrd so`m soliqlarning ixtiyoriy ravishda davlat byudjetiga to`lanishi ta`minlandi.

Biroq, profilaktika hamda qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan imkoniyatlardan foydalanmagan hamda soliq to`lashdan qasddan bo`yin tovlashni davom ettirish bilan bog`liq 1 625 ta holat yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, 800 mlrd so`mdan ortiq soliqlar byudjetga undirildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар