O`zbekistonda huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo`lgan 800 mingdan ortiq shaxslar ro`yxati shakllantirildi

30.01.2025 15:52

O`zbekistonda huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo`lgan jami 800 mingdan ortiq shaxslar ro`yxati shakllantirildi. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova ma`lum qildi.

Uning aytishicha, 2023 yilning 30 mart kunidan mahalla ettiligining o`ziga xos hamkorligida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini mahallaning o`zida hal etishga qaratilgan ijtimoiy profilaktika tadbirlari yo`lga qo`yilgan.

«Qisqa muddatda ushbu tizim o`zining ijobiy natijasini ko`rsatdi», — dedi Muzifa Sultonova

Shunga ko`ra, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 noyabr kunidagi 801-sonli qarori qabul qilinib, bu qaror bilan Ijtimoiy profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda, «mahalla ettiligi»ning har bir vakiliga aniq vazifa belgilanib, aholini ijtimoiy muammolarini hal etishga ko`maklashuvchi subektlar biriktirilgan.

Natijada 2024 yil davomida profilaktika inspektorlari va mahalla vakillari tomonidan uyma-uy yurish orqali, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo`lgan jami 800 mingdan ortiq shaxslar ro`yxati shakllantirilgan, ularning 588 mingdan ortig`iga xulosalar berilib, mahalla vakillari tomonidan 400 mingdan ortiq fuqarolarning muammolari ijobiy hal etilgan.

Muzifa Sultonovaga bu qanaqa ro`yxat ekani, huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori degan jumla nimani anglatishi, bunday ro`yxat tuzilishi o`sha fuqarolarning huquqlarini poymol etishi yoki yo`qligi, necha nafar fuqaro huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori deb topilganini so`rab murojaat qildik.

Uning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 801-sonli qarori bilan belgilab o`tilgan ijtimoiy profilaktika tadbirlari huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo`lgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordamlar ko`rsatishda amalga oshiriladigan tadbirlar majmui hisoblanadi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko`ra, ijtimoiy profilaktika tadbirlari quyidagi shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi:

a) huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli bo`lgan shaxslar:

band bo`lmagan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo`lmagan ishsiz shaxslar;
spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki inson aql-irodasiga ta`sir etuvchi boshqa moddalarga qaram bo`lib qolgan shaxslar;
qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarga ruju qo`ygan shaxslar;
g`ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslar;
qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga etmaganlar;
ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilari;
davlat ko`magiga muhtoj «og`ir» toifadagi yoshlar;
huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo`lgan yoshlar;
ajrim yoqasiga kelib qolgan va nizoli oilalar;
yordamga muhtoj bo`lgan va og`ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar;
muntazam tazyiq va zo`ravonlikka uchrab kelayotgan xotin-qizlar;
jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan va profilaktik hisobda turgan shaxslar;
og`ir ahvolga tushib qolgan va og`ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo`lgan shaxslar;
tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo`lgan shaxslar;

b) huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli bo`lgan shaxslar:

parvarishga muhtoj yolg`iz keksalar;
nogironligi bo`lgan va og`ir kasallikka chalingan shaxslar.
Muzifa Sultonovaning qayd etishicha, bu ro`yxatdagi shaxslarga faqat yordam ko`rsatiladi. Mazkur ro`yxatga tushgan fuqarolarning muammolari o`rganilgan holda ijtimoiy moslashtirish dasturi ishlab chiqiladi hamda «mahalla ettiligi» vakillari tomonidan ularning muammolarini hal etish choralari ko`riladi.

«Bu orqali fuqarolarning huquqlari poymol etilmaydi, aksincha, „mahalla ettiligi“ vakillari tomonidan o`zi xizmat olib boruvchi mahallada yashovchi shaxslarning ijtimoiy muammolarini hal etish orqali sog`lom turmush tarziga qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar [ko`riladi], ya`ni ularga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordamlar ko`rsatiladi», — deya ta`kidladi u.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар