2023 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining quyosh paneli o`rnatish uchun o`tkazgan to`rtta yirik tanlovida ham faqat bitta firma g`olib bo`lgan.
Tenderlarning ikkitasi mart oyida e`lon qilinib, yakunlangan (turli sanalarda). Qolgan ikkitasi bir xil sanada boshlanib, bir sanada yakunlangan.
Masalaning qiziq tarafi shundaki, barcha tanlovlarda bitta "EZOZ DIZAYN"MChJ, (INN 304498374) g`olib bo`lgan. Narxlar ham deyarli bir xil. Eng arzoni 1.626.000.000
1.626.000.000 / 150 = 10.840.000 so`mdan degani.
Odatda, katta davlat xaridlarida bir nechta kompaniya ishtirok etadi, lekin bu erda bitta kompaniya hamma tenderni yutgan.
Shuningdek, agar bozorda quyosh panellarining tannarxi o`zgarib tursa ham, har bir tenderda narxning bir xil yoki yaqin bo`lishi shubha uyg`otadi. Bunda, tenderda sun`iy ravishda raqobat uyushtirilmadimikan, degan savol paydo bo`ladi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sotib olgan quyosh panellarining 1 kVt narxi 10.84 mln so`m. Har bir loyiha uchun o`rnatilgan quvvat 150 kVt. Umumiy 4 ta loyiha bo`yicha xarajat: 6.517 milliard so`m.
Bozordagi quyosh panellarining esa, 1 kVt quyosh paneli narxi 2.2–3 mln so`m (o`rtacha). 150 kVt quvvatli tizim uchun umumiy narx 330–450 mln so`m.
Universitet har bir 150 kVt tizim uchun 1.626 milliard so`m to`lagan. Bozorda shunday tizimning narxi 450 million so`m atrofida. Bundan kelib chiqadiki, universitetning xarid narxi bozordagidan 3–4 baravar qimmat.
Quyosh panellari kafolati odatda ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan belgilanadi va ularning o`rtacha muddati 10-25 yilni tashkil qiladi. Qizig`i, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti e`lon qilgan tenderda kafolat muddati bir yil qilib ko`rsatilgan.
Ammo, quyosh panellari va ularning tizimlariga uzoq muddatli kafolatlar berilishi ular sifatli va ishonchli bo`lishini ta`minlash uchun muhimdir. Bir yillik kafolat faqat boshlang`ich tekshiruv yoki tizimni o`rnatish bilan cheklanadi, lekin uzoq muddatli ishlash kafolati kutilgan bo`lishi kerak.
Shuningdek, shartnomalarning umumiy qiymati – 6.5 mlrd so`mdan oshiq mablag` bitta kompaniyaga berilgan. Shu darajada yirik shartnomalarda korrupsiya va manfaatlar to`qnashuvi bo`lmadimi, tanlovda o`zi boshqa kompaniyalar qatnashganmi, degan savol tug`diradi.