Yuridik fanlar doktorining dunyoviylik haqidagi fikrlari

29.01.2025 16:51

Qayd etish lozimki, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitusiyamizning 1-moddasida, O`zbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega bo`lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi qat`iy belgilandi.

Konstitusiyada O`zbekistonni dunyoviy davlat sifatida belgilanishi - dunyoviy taraqqiyot yo`lida inson huquq va erkinliklari ta`minlanishi, umumjamiyat manfaatlarining himoya qilinishi, boshqaruv qarorlarini qabul qilish va ijro etishda qonunlarga asoslanilishi hamda din va e`tiqod erkinligi kafolatlanishiga bevosita xizmat qiladi.

Dunyoviy davlat jamiyatda dinning o`rnini belgilash yoki diniy munosabatlarni tartibga solish emas, balki jamiyatning birdamlik ruhida rivojlanishi uchun eng zarur bo`lgan insonparvarlik, o`zaro hurmat, keng dunyoqarash, tolerantlik, bag`rikenglik fazilatlari asosidagi ijtimoiy munosabatlarni shakllantirishni nazarda tutadi.

Shuning uchun ham dunyoviy davlat qurishdan asosiy maqsad ham vijdon erkinligi, turli e`tiqod tarafdorlarining uyg`un va totuv yashashi hamda jamiyatning uzluksiz, barqaror taraqqiyoti uchun sharoit yaratadigan jamiyat va davlat tizimini muntazam ta`minlab borishdan iboratdir.

Darhaqiqat, bugungi kunda O`zbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2 300 dan ortiq diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda.

Bugungi globallashgan dunyo juda ko`plab tendensiyalarga guvoh bo`lib bormoqda. Ayniqsa, dunyodagi davlatlarning ko`pchiligining boshqaruv shaklida dunyoviydavlat tendensiyasi etakchilik qilmoqda. Hozirgi kunda dunyoviy davlat tushunchasi Turkiya, Hindiston, Qozog`iston, Rossiya, Fransiya kabi davlatlar konstitusiyalarida ham bevosita o`z ifodasini topgan.

Bir so`z bilan aytganda, dunyoviy davlat – boshqaruvida Konstitusiya va qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, shuningdek qarorlar qabul qilishda dunyoviylik tamoyillari ustuvor bo`ladigan davlatdir. Faqatgina dunyoviy tamoyillarga ega davlatgina xalq irodasini ifoda eta oladi.

Davlat boshqaruvida dunyoviylik masalalasi o`ta muhim konseptual qarash va fikrlarni umumlashtiradi. Ya`ni, davlat boshqaruvining asosiy yo`nalishlari, maqsad va vazifalarini belgilashda xizmat qiladi. 

Davlat boshqaruvida dunyoviylik – bu davlat boshqaruviga oid qarorlar qabul qilish va amalga oshirishda umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarni va madaniy merosni hurmat qilgan holda umumjamiyat manfaatlarini ko`zlash, ilmiy asoslangan xulosalarga tayanishdir.

Davlat boshqaruvida dunyoviy davlatning o`ziga xos bir qancha xususiyatlarini keltirib o`tish mumkin. Ya`ni, din va davlat o`rtasidagi funksiyalarini ajratish; davlat tomonidan diniy institutlardan xoli, oqilona va adolatli asosda davlat siyosatini olib borish; aholi o`rtasida e`tiqod erkinligini ta`minlash kabi muhim jihatlarga to`xtalib o`tish mumkin.

E`tibor qaratadigan bo`lsak, mamlakatimizda dunyoviylik tamoyili uch qadriyatga asoslanishini ta`kidlab o`tish mumkin. Bular quyidagilar:

- vijdon va e`tiqod erkinligi; 

- barcha din va diniy tashkilotlarning qonun oldida tengligi; 

- dinning siyosatdan ajratilganligi.

Darhaqiqat, dunyoviy davlat barcha dinlar uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratib berishi, fuqarolarga ta`lim olish, shaxsiy rivojlanishlari hamda ilm-fan va madaniy taraqqiyotda ijodiy erkinlikni ta`minlashni ko`zda tutadi.

Dunyoviylik hech qachon dinni va diniy qadriyatlarni rad etmaydi. Balki, ularni rivojlanishiga, jamiyatda mavjud bo`lgan boshqa din vakillari bilan tinch totuv, bag`rikenglik tamoyili asosida yashashlariga zamin yaratadi. Faqat dunyoviy davlatgina dinning rivojlanishiga hamda dindorlarning diniy urf-odat va marosimlarini bajarishi uchun kerakli shart-sharoitlar va huquqiy kafolatlar bera oladi.

Dunyoviylikda davlat tashkilotlari va din bir-biridan ajratilgan bo`lib, barcha fuqarolarning irqi, millati, kelib chiqishi, diniy qarashlaridan qat`iy nazar, qonun oldida tengligi ta`minlanadi. Davlat organlari qonun doirasida faoliyat yuritayotgan diniy tashkilotlarning ishiga aralashmaydi. 

Davlatning dinlardan ajratilganligini tushunish, talqin etishda ham turlicha bahs-munozaralar ko`p uchraydi. “Davlat dinga qarshi” yoki “davlat dinni ta`qib etadi” degan jalg`ituvchi fikr-mulohazalar ham afsuski jamiyatimizda yo`q emas. Shu nuqtai nazardan ta`kidlash lozimki, davlat o`zining legitimligini jamiyatdagi biron bir falsafiy qarash yoki diniy pozisiya bilan bog`lamaydi. Ya`ni, jamiyatda diniy masalada turfaxillik bo`lar ekan, davlat diniy ko`pchilikning ham yoki kamchilikning ham tarafida bo`lmaydi, o`zining legitimligini ko`pchilik yoki kamchilik bilan bog`lamaydi, hammaga birdek huquqiy pozisiyada bo`lgan holda ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Qolaversa, har kimning ezgu niyatlari, orzu-umidlari, hohish-istaklari va yuksak marralarga erishishi uchun dunyoviylik tamoyillari ustuvor bo`lgan muhitni ta`minlaydigan davlat tomonidan keng imkoniyat va sharoitlar yaratiladi.

 Shu bilan birga, davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko`rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi. Birgina misol tariqasida, 2023 yilgi Haj mavsumi va Umra ziyorati yuqori saviyada tashkil etildi. Xususan, 15 150nafar ziyoratchi Haj amalini,43 mingdan ortiq ziyoratchi Umra amalini ado etdi.

Dunyoda rivojlangan davlatlarning taraqqiyot yo`lini o`rganadigan bo`lsak, ilm-fan yuksak darajaga ko`tarilgan, iqtisodiy jihatdan yuqori salohiyatga ega davlatlarning barchasi dunyoviy rivojlanish yo`lini tanlaganligining guvohi bo`lamiz. Hatto, aholisining ko`p qismini musulmonlar tashkil qilgan Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Marokash kabi bir qator davlatlar ham dunyoviylik yo`lidan ketib adashmaganligini davrning o`zi isbotlamoqda. Diniy davlatlar ham dunyoviy davlatlarning ilm-fan va texnologiyalardagi yutuqlari, aqlbovar qilmas ixtirolaridan foydalangan holda hozirgi davr sivilizasiyasidan ortda qolmaslikka intilmoqda.

O`zbekistonda 2016 yildan boshlab mamlakatning ichki va tashqi siyosatida diniylik va dunyoviylik borasidagi islohot va o`zgarishlar yaqqol namoyon bo`la boshladi, shu bilan birga davlatning din borasidagi siyosatida qator islohotlar amalga oshirila boshlandi. 

Jumladan, davlat boshqaruvi yo`nalishida dunyoviylikni ta`minlash mexanizmlarini bir qancha yo`nalishlarda ko`rishimiz mumkin. Xususan, normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar va boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish, qabul qilish hamda amaliyotga joriy etish jarayonining umumjamiyat manfaatlarini ko`zlashi, ilmiy asoslangan xulosalarga tayanishi qat`iy ta`minlanmoqda.

Dunyoviy davlat konsepsiyasi esa jamiyatda qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, vijdon erkinligini, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini samarali ta`minlashga hamda mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Lo`nda qilib aytganda, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar, odob-ahloq me`yorlari va yurish-turish qoidalari Konstitusiya va qonunlarda nazarda tutilgan tartiblardan o`zgacha talqin etilishi yoki dunyoviylik tamoyillariga zid bo`lgan talablar o`rnatilishini oldini oladi. Shu o`rinda ta`kidlash lozimki, jamiyatdagi har bir shaxsning qarashlari va diniy e`tiqodi faqat o`zining shaxsiy masalasi bo`lib, hech kim unga majburan biror bir diniy e`tiqod yoki qarashlarni singdirishga yo`l qo`yilmaydi. 

Muxtasar qilib aytganimizda, faqat dunyoviy davlatdagina fuqarolarning har qanday ehtiyojlari qonunlar asosida ta`minlashi mumkin

Sherzod Zulfiqorov

Yuridik fanlar doktori, professor

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар