Gazetaga o`ralgan eksport, eksport madaniyati, qadoqlash sanoati va milliy brend – Prezident bilan uchrashuvda bu mavzular ko`tariladimi?

14.05.2026 10:51

 Ayni paytda Savdo-sanoat palatasida Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ketmoqda. Bu esa, sohada yig`ilib qolgan tizimli muammolar nihoyat yuqori darajaga chiqqani va ularni ochiq muhokama qilish zarurati tug`ilganini ko`rsatadi.


O`zbekiston qishloq xo`jaligi so`nggi yillarda iqtisodiyotning eng tez o`suvchi yo`nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakat har yili millionlab tonna meva-sabzavot etishtirmoqda, eksport geografiyasi kengaymoqda, yangi bozorlar ochilmoqda. Ayniqsa, gilos, uzum, o`rik, pomidor, bodring, karam va poliz mahsulotlari tashqi bozorda raqobatbardosh tovar sifatida tanila boshladi. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston agrar eksporti yil sayin o`sib, milliardlab dollarlik tashqi savdo aylanmasini shakllantirmoqda.


Ammo raqamlar ortida hal etilmay qolayotgan og`riqli muammolar ham bor. Eng katta masalalardan biri, mahsulotning katta qismi hali ham rasmiy aylanmaga to`liq kirmayotgani. Ko`plab fermer va dehqonlar hujjatlashtirish, sertifikatlash, soliq va hisobot tizimi murakkabligi sabab mahsulotni naqd pulga sotishni afzal ko`radi. Bu esa ularning katta eksport zanjiriga kirishiga, qayta ishlash sanoati bilan ishlashiga yoki yirik riteyl tarmoqlariga chiqishiga to`sqinlik qilmoqda.


Chunki global bozorda faqat sifatning o`zi etarli emas. Bugun dunyo bozori mahsulotning kelib chiqishi, qadoqlanishi, sertifikati, logistikasi va brendiga ham qaraydi. Hujjatsiz mahsulot esa, yirik eksport uchun ishonchli tovar hisoblanmaydi.
 
Ayni paytda Savdo-sanoat palatasida Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida aynan shu kabi muammolar muhokama qilinmoqda. Bu esa, sohada yig`ilib qolgan tizimli muammolar nihoyat yuqori darajaga chiqqani va ularni ochiq muhokama qilish zarurati tug`ilganini ko`rsatadi.
So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yana bir ramziy, ammo juda jiddiy muammoni ochib bergan videolar tarqaldi. Ularda eksportga jo`natilayotgan pomidor va boshqa mahsulotlar qutisi ichiga “Jadid”, “Yangi O`zbekiston”, “Ishonch” kabi gazetalar o`ralgani ko`ringan. Bu eksport madaniyati, qadoqlash sanoati va milliy brend siyosatidagi katta bo`shliqning belgisi. Gazetalar, ularga sarflanayotgan mehnat, mualliflik huquqlari, bular endi alohida mavzu.
 
Jurnalist Shohira Hamroning aytishicha, tadbirkorlar bilan suhbatlashilganda ular qiziq bir fikrni bildirgan: “Gazetasiz borsa, mahsulot O`zbekistondan kelganiga ishonishmaydi”. Bu gap hazilga o`xshasa-da, uning ortida achinarli haqiqat yotibdi. Biz hali ham xalqaro bozorda o`z mahsulotimizni zamonaviy brend, standart qadoq yoki milliy dizayn orqali tanita olmayapmiz. Mahsulotning “pasport”i vazifasini gazeta bajaryapti.


Vaholanki, bugun dunyoda eksport mahsuloti shunchaki tovar emas, u mamlakat imiji hisoblanadi. Turkiya, Niderlandiya, Marokash yoki Ispaniya mahsulotlari bozorga chiqqan zahotiyoq uning qaysi davlatga tegishli ekani qadoq dizaynidan bilinadi. Qutisi, logotipi, rangi, shtrix-kodi, sertifikati va hatto ichidagi qog`ozigacha muayyan standart asosida tayyorlanadi.
O`zbekistonda esa, hali ham eksportning ma`lum qismi “qo`lbola tizim”da ishlayapti. Bu uning tashqi qabul qilinishiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Holbuki, O`zbekiston meva-sabzavotining ta`mi va sifati bo`yicha dunyoda raqobat qila oladigan mahsulotlari juda ko`p. Muammo mahsulotning atrofidagi tizimda.
 
Eksport uchun maxsus milliy qadoqlash sanoatini shakllantirish, yagona dizayn standartlari joriy qilish, fermerlar uchun arzon va sifatli brendli quti hamda o`ram materiallari ishlab chiqarish bugungi kun talabi bo`lib qolmoqda. “Made in Uzbekistan” yozuvi tushirilgan, zamonaviy, ekologik va tanib olinadigan qadoqlar nafaqat tashqi ko`rinish, balki ishonch, marketing va milliy imij masalasi hamdir.
 
Eksportdagi muammolar faqat fermer muammosi emas. Bu logistika, sertifikatlash, bojxona, qadoqlash, sovutish omborlari, brendlash va davlat boshqaruvi o`rtasidagi zanjirli masala. Agar shu zanjirning bitta bo`g`ini oqsasa, mahsulot sifatli bo`lsa ham bozorda yutqazadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugun Savdo-sanoat palatasida o`tayotgan muhokamalar juda muhim. Yig`ilishlarda faqat raqamlar gapiriladimi yoki eksportning haqiqiy, erdagi muammolari ham ochiq muhokama qilinadimi? Milliy brend mavzusi ham ko`tariladimi? Qadoqlashdan tortib hujjatlashtirishgacha bo`lgan og`riqli nuqtalarga amaliy echim topiladimi?
 
Chunki, O`zbekistonning mahsuloti haqiqatan ham dunyodagi eng mazali mahsulotlardan biri. Ammo global bozorda mazaning o`zi etarli emas. Bozor tizim, standart va brendni ham talab qiladi. Agar biz eksportni haqiqiy iqtisodiy drayverga aylantirmoqchi bo`lsak, endi faqat hosil etishtirish emas, uni qanday taqdim qilishni ham o`rganishimiz kerak bo`ladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар