Bir ota Surxondaryoda kunlik ish bilan ro`zg`or qiladi. Ba`zan ish bor, ba`zan yo`q. Oyiga qo`liga tegadigan pul 3–4 million so`mdan oshmaydi. Lekin aliment hisob-kitobi unga Toshkentdagi iqtisodiy sharoit ham qo`shilgan “respublika o`rtacha ish haqi” asosida chiqariladi. Natijada u har oy qarzdorlikka botadi.
Shu paytda Toshkentda yashovchi boshqa bir fuqaro ham rasmiy ishsiz sifatida ayni o`sha mezon bo`yicha to`lov qiladi. Vaholanki, u yashayotgan hududda na ijara narxi, na bog`cha puli, na kundalik xarajatlar Surxondaryodagi bilan bir xil.
Savol tug`iladi: iqtisodiy imkoniyatlari mutlaqo boshqa-boshqa bo`lgan odamlarni bir xil “o`rtacha” bilan o`lchash qanchalik adolatli?
O`zbekistonda aliment va ayrim majburiy to`lovlar hisob-kitobida qo`llanadigan asosiy mezonlardan biri — respublika bo`yicha o`rtacha ish haqi. Qog`ozda bu tizim sodda va qulay ko`rinadi: yagona formula, yagona standart, yagona yondashuv. Ammo mamlakat hududlari o`rtasidagi iqtisodiy tafovut tobora chuqurlashib borayotgan bir paytda, bu “yagona mezon” amalda tenglik emas, balki yangi adolatsizliklarni ishlab chiqaryapti.
Aliment nega “o`rtacha ish haqi”ga bog`lanadi?
O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra, agar aliment to`lovchi rasmiy ish joyiga ega bo`lmasa yoki daromadini hujjat bilan tasdiqlay olmasa, hisob-kitobda respublika bo`yicha o`rtacha oylik ish haqi asos qilib olinadi.
Ya`ni davlat:
real daromadni aniqlab bo`lmasa;
yashirin daromad ehtimoli bo`lsa;
yoki shaxs rasman ishsiz hisoblansa,
shartli hisoblash bazasi sifatida o`rtacha ish haqini qo`llaydi.
Bu mexanizmning asosiy maqsadi — odamlarni daromadni yashirish orqali alimentdan qochishining oldini olish. Lekin amaliyotda bu yondashuv boshqa muammoni keltirib chiqarmoqda: mamlakat hududlari o`rtasidagi iqtisodiy farq katta bo`lgani uchun, yagona respublika ko`rsatkichi hamma uchun birdek adolatli ishlamayapti.
Masalan, Toshkent shahrida o`rtacha ish haqi 11–12 million so`m atrofida shakllanayotgan bir vaqtda, ayrim viloyatlarda bu ko`rsatkich 4–5 million so`m darajasida qolmoqda. Ya`ni, bir mamlakat ichida deyarli 2,5 barobarlik iqtisodiy tafovut mavjud. Lekin aliment yoki boshqa majburiy to`lovlarga kelganda, davlat bu farqni deyarli “ko`rmaydi”.
Natijada esa tizim ikki xil adolatsizlikni bir vaqtning o`zida ishlab chiqarmoqda.
Kam daromadli hududlarga moliyaviy bosim
Surxondaryo, Qashqadaryo yoki Jizzax kabi hududlarda yashovchi, rasmiy daromadga ega bo`lmagan fuqaro alimentni o`zining real iqtisodiy sharoitidan kelib chiqib emas, balki respublika o`rtacha ish haqiga bog`langan summalar asosida to`laydi.
Bu nimani anglatadi?
Agar odamning real imkoniyati 3–4 million so`m atrofida bo`lsa-yu, undan 6–7 millionlik iqtisodiy muhit mezonida majburiyat talab qilinsa, bu shunchaki moliyaviy bosim emas — tizimli qarzdorlik ishlab chiqaradi.
Oqibatda esa:
aliment qarzdorligi ko`payadi;
yashirin iqtisodiyot kengayadi;
odamlar rasmiy ishga kirishdan qochadi;
ijro organlari bilan fuqarolar o`rtasida ziddiyat kuchayadi.
Eng xavflisi, tizim odamni majburiyatni bajarishga emas, undan qochishga undaydi.
Yuqori daromadli hududlarga esa “rasmiy chegirma”
Masalaning ikkinchi tomoni bundan ham qiziq. Toshkent shahri yoki Navoiy viloyatida yashovchi “rasmiy ishsiz” fuqaro ham ayni o`sha respublika o`rtacha ko`rsatkichi asosida hisob-kitob qiladi. Holbuki, u yashayotgan hududdagi real ish haqi ham, yashash xarajatlari ham ancha yuqori.
Bu esa amalda quyidagi paradoksni yuzaga keltiradi:
daromadi yuqori hudud vakili nisbatan kamroq yuk ostida qoladi;
xarajatlari yuqori hududda yashayotgan bola esa etarli ta`minot ololmaydi. Boshqacha aytganda, tizim kambag`al hududdagini “ortiqcha jazolaydi”, boyroq hududdagisiga esa “nisbiy engillik” beradi.
Statistik tenglik va hayotiy tenglik — boshqa-boshqa tushunchalar
Davlat statistikasi uchun “respublika o`rtachasi” qulay indikator bo`lishi mumkin. Lekin ijtimoiy siyosatda o`rtacha raqam har doim ham adolat degani emas.
Bu xuddi bir odam muzdek suvga, boshqasi qaynoq suvga tushib qolganida, statistik chiqib: “o`rtacha hisobda hammaga iliq bo`ldi”, deganiga o`xshaydi.
Raqamlar o`rtachalashadi, ammo odamlarning hayoti emas. Chunki aliment — bu faqat matematik formula emas. Bu bolaning ovqati, kiyimi, bog`cha puli, dori-darmoni va yashash muhiti bilan bog`liq masala.
Toshkentdagi bola bilan chekka hududdagi bolaning ehtiyoji bir xil emas. Narx-navodagi farq ham, xizmatlar qiymati ham, kundalik xarajatlar ham boshqacha.
Hududiy koeffisient tizimi kerakmi?
Ko`plab davlatlarda soliqlar, kompensasiyalar yoki ijtimoiy to`lovlarda hududiy koeffisient qo`llanadi. Chunki davlatlar iqtisodiy geografiya degan haqiqatni inkor qilmaydi.
O`zbekistonda ham aliment va majburiy to`lovlar tizimida hududiy o`rtacha ish haqiga asoslangan model joriy etilishi mantiqan to`g`riroq ko`rinadi.
Bu:
kam daromadli hududlarga nisbatan bosimni kamaytiradi;
yuqori daromadli hududlarda esa bolaning real ehtiyojiga yaqinroq ta`minot yaratadi;
tizimni qog`ozdagi emas, hayotdagi adolatga yaqinlashtiradi.
Albatta, bu model ham ideal emas. Chunki bir viloyat ichida ham katta tafovutlar mavjud. Ammo hozirgi yagona “respublika o`rtachasi” modeli fonida bu hech bo`lmaganda iqtisodiy haqiqatni tan olish bo`lardi.
Asosiy savol: davlat nimani o`lchamoqchi?
Bugungi tizimning eng katta muammosi shundaki, u odamlarning real hayotini emas, statistik qulaylikni o`lchaydi. Holbuki, ijtimoiy adolat formulasi oddiy: bir xil qoida hamma uchun bir xil oqibat bermaydi.
Agar tizim kimnidir sindirib, boshqasiga yashirin imtiyoz berayotgan bo`lsa, demak masala faqat iqtisodda emas, yondashuvning o`zida. “Iliq suv” effekti ham aynan shunda: o`rtacha ko`rsatkich hammaga mosdek ko`rinadi, ammo amalda hech kimning haqiqiy haroratini aks ettirmaydi.