Kambag`al oilalarga vaucherlar, bog`chalarda elektron davomat, “Onalar maskani”dan elektrotexnikagacha: 1 fevraldan start oladigan loyihalar

29.01.2025 09:06

Bolalar bog`chalarida davomatni avtomatik tarzda hisoblash tizimi joriy etiladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko`ra, bo`sh ish o`rinlarini hisobga olish, bolalarni navbatga qo`yish va MTTga joylashtirish uchun yo`llanmalarni shakllantirish Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligining “Bolalar bog`chasi” maktabgacha ta`limni boshqarish axborot tizimida amalga oshiriladi. 

Hujjatga ko`ra, 2025 yil 1 fevraldan Toshkent shahrida pilot loyiha sifatida, 2025 yil 1 iyuldan esa barcha davlat MTTlarida “Bolalar bog`chasi” axborot tizimi orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomati, ish vaqti va tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlari hisobga olish amaliyotiga kiritiladi.

“Bolalar bog`chasi” axborot tizimini xizmat ko`rsatish, qo`llab-quvvatlash va takomillashtirishni UZINFOCOMMChJ tizim operatori amalga oshiradi. Bu orqali ota-onalar badalining 1 foizi ko`rsatilgan xizmatlarga yo`naltiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yildan boshlab bolalar bog`chalarining xodimlari va bolalarining davomatini biometrik identifikasiya texnologiyasi orqali kuzatishni yo`lga qo`yish maqsadida, planshetlar va boshqa zarur uskunalar bilan ta`minlash uchun davlat byudjetidan kamida 50 mlrd so`m ajratilgan.

“Ona maskani” xizmati tashkil etiladi

Prezidentning 2024 yil 14 noyabrda “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonida 2025 yil 1 fevraldan O`zbekistonda “Ona maskani” xizmati yo`lga qo`yilishi belgilangan.

Hujjatga ko`ra, og`ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko`magisiz qolganligi oqibatida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo`lgan onalar, shu jumladan homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo`lga qo`yiladi.

"Onalar maskani"da:

  • Og`ir hayotiy vaziyatga tushgan onalar va ularning 4 yoshga to`lmagan bolalariga 1 yilgacha ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana beriladi.
  • Og`ir vaziyatdagi onalarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko`rsatiladi, shuningdek ularda onalik va kasbiy ko`nikmalarni shakllantirishga ko`maklashiladi. 
  • "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini ta`minlashda yordam beradi.

Shu bilan birga, 2025 yil 1 fevraldan boshlab:

a) Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash:

  • Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy holati va turmush sharoitlari "Inson" markazlari tomonidan kompleks baholanib, baholash natijalariga asosan bolalarning ijtimoiy maqomi belgilanadi.
  • Etim bolalar, ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan va zo`ravonlikdan jabr ko`rgan bolalarga olti oygacha oilaviy bolalar uyiga joylashtirish tartibi joriy etiladi.
  • Bolalarni joylashtirish bo`yicha qaror "Inson" markazlari va Agentlik hududiy boshqarmasi tomonidan qabul qilinadi.
  • Etim bolalarni foster oilaga joylashtirish, shartnoma asosida amalga oshiriladi.

b) Etim va ota-ona qaramog`idan mahrum bolalarni aniqlash, joylashtirish va ularni olish istagini bildirgan shaxslarni hisobga olish:

  • Bolalar va nomzodlar "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimida aniqlanadi.
  • Arizalar O`zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
  • Nomzodlardan talab qilinadigan hujjatlar "Inson" markazlari orqali olinadi.
  • Bolalarning individual rivojlanish rejalari va monitoring natijalari "Yagona milliy ma`lumotlar integrasiyalashgan hududiy tizimi”ga kiritiladi.

v) Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish shakllari:

  • Oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er-xotindan iborat bo`lishi talablari bekor qilinadi.
  • 30 yoshga to`lgan fuqarolar oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat olishadi.
  • Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o`zini o`zi band qilgan shaxslar sifatida e`tirof etiladi va ularga yoqlama shaxslar yoki uchinchi shaxslarni jalb qilishga yo`l qo`yilmaydi.
  • Bolalar oilaga tarbiyalash uchun (patronat) faqat qarindoshlarga beriladi.
  • Foster oilada tarbiyalanayotgan bolalarning yashash xarajatlari va bolani tarbiyalash uchun ajratiladigan mablag`lar ta`lim muasasalarini tamomlaguniga qadar saqlab qolinadi.

Kambag`al oilalar a`zolariga imkoniyatlar yaratiladi

Davlat rahbarining “2025 yilda aholi bandligini ta`minlash va kambag`allikni qisqartirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, kambag`al oilalar a`zolarini kasbga o`qitish bo`yicha vaucher tizimi joriy etiladi.

2025 yil 1 fevraldan boshlab Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligining kasbiy ko`nikmalar markazlarida ish beruvchilar buyurtmasi va tijorat banklari mijozlari ehtiyoji asosida ishsiz aholini, shu jumladan, kambag`al oilalar a`zolarini mehnat bozorida talab yuqori bo`lgan kasblarga Bandlikka ko`maklashish davlat jamg`armasi mablag`lari hisobidan manzilli o`qitish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 2025 yil 1 fevraldan kasbga o`qitish uchun ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo`lgan shaxslar va muddati 3 oydan ko`p davom etadigan o`quv kurslariga qabul qilingan Kambag`al oilalar reestriga kiritilgan oilalarning ishsiz a`zolariga beriladi. 2025 yil 1 maygacha ishsiz aholini, jumladan, ustuvor ravishda kambag`al oilalar a`zolarini kasb-hunarga o`qitish xarajatlarini qoplash uchun vaucher tizimi joriy qilinadi.

Mazkur vaucher tizimi 2025 yil 1 fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida pilot loyiha sifatida sinovdan o`tkaziladi..

Elektrotexnika sanoatiga o`zgartishlar kiritiladi.

Prezidentining 2025 yil 22 yanvar kuni “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, 2025 yil 1 fevraldan quyidagi qo`llab-quvvatlash choralari joriy etiladi:

- Bojxona hududida qayta ishlash rejimida tayyorlangan mahsulotlarni keyingi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat kooperasiyasi tartibida qayta ishlash uchun bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi; 

- Korxonalarning rivojlanish va tadqiqot markazlari faoliyatini yo`lga qo`yish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro`yxatlar bo`yicha o`z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, O`zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya jihozlari va anjomlari 2028 yil 1 fevralgacha bojxona bojidan ozod etiladi.

- ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo`lgan yuridik shaxslarning va davlat organlarining ma`muriy bino-inshootlarini, shuningdek ijtimoiy soha ob`ektlarini qurish bo`yicha xarid qilish hujjatlariga quyidagi talablar kiritiladi:

- pudratchilar zarur tovarlarni Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi va Elektron kooperasiya portalidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qiladi;

- zarur tovarlar portallarda mavjud bo`lmasa, tasdiqlovchi ma`lumotnomalar asosida ularni boshqa elektron portallardan xarid qilishga ruxsat etiladi.

Ishlab chiqaruvchilar ekotizimida savdolar davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o`rtasida elektron do`kon tartib-taomillari asosida, shartnoma qiymati bilan bog`liq cheklovlarsiz o`tkaziladi, bunda ofertalar mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to`g`risidagi sertifikat ma`lumotlari asosida shakllantiriladi.

Elektromobillar uchun zaryadlash stansiyalari soni ortadi

Vazirlar Mahkamasining “Respublikada 2024-2025 yillarda elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida” qaroriga binoan, 2025 yil 1 fevraldan davlat muassasalari, mehmonxonalar, biznes-markazlar, savdo va umumiy ovqatlanish sohalari, shuningdek xalqaro va davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo`llari infratuzilmasi ob`ektlarida to`xtash joylarining kamida 5 foizi elektromobillarni zaryadlash stansiyalari bilan ta`minlanishi lozim. 

Shuningdek, ko`p qavatli binolar atrofida va ularning yaqinida, ayniqsa, to`xtash joylarida maksimal quvvati 22 kVt bo`lgan zaryadlash stansiyalari o`rnatish rejalashtirilmoqda.

Elektromobillarni zaryadlash stansiyalari o`rnatish bo`yicha belgilangan maqsadli ko`rsatkichlar tasdiqlandi, ular quyidagilardan iborat:

• Avtoto`xtash joylari, ijtimoiy ob`ektlar va davlat muassasalari;
• Savdo va biznes-markazlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxonalar va ko`p qavatli uylar yonida;
• Avtoyoqilg`i quyish shoxobchalarida.
Yakka tartibdagi va ko`p kvartirali uylar hududida, shu jumladan, avtoturargohlarda, eng yuqori quvvati 22 kVt bo`lgan zaryadlash stansiyalari o`rnatiladi. Tadbirkorlar mavjud ko`p qavatli uylar hududida faqat avtoturargohlariga stansiyalar o`rnatish imkoniyatiga ega bo`ladilar.

“Tashabbusli byudjet”ning 1-mavsumi boshlanadi

“Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 2025 yilgi 1-mavsumi 1 fevraldan boshlanib, 20 martga qadar davom etadi.

Bunda:

⁃ Loyiha kiritish bosqichi — 1–20 fevral;

⁃ Saralash bosqichi — 21 fevral–7 mart;

⁃ Targ`ibot bosqichi — 8–10 mart;

⁃ Ovoz berish bosqichi — 11–20 mart kunlari o`tkaziladi.

Joriy yildagi 1-mavsum g`oliblari 21 mart — Navro`z bayrami kuni e`lon qilinadi.

Boshqa o`zgarishlar:

2025 yil 1 fevraldan boshlab:

- Tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar masalalari bo`yicha vasiylik va homiylik komissiyalarining faoliyati tugatilishi belgilangan; 

- Ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va uni foydalanish uchun axborot-ma`lumotnoma xizmatlarini taqdim etuvchi «1070» qisqa raqamli va 24 soat faoliyat ko`rsatadigan xizmatning test rejimida ishga tushirilishi rejalashtirilgan; 

- Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida paralimpiya, karlar, ko`zi ojizlar va maxsus olimpiya, shuningdek nogironligi bo`lgan shaxslar uchun sport turlari bo`yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi. Kurs yakunida 4 yilga amal qiladigan malaka sertifikati beriladi; 

- 2030 yil 1 yanvarga qadar eksport xizmatlari hajmi 10 million AQSh dollaridan oshgan IT-park rezidentlari, agar O`zbekiston bilan ikkiyoqlama soliqka tortishning oldini olish bo`yicha bitim tuzilmagan bo`lsa, axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini (shu jumladan, royalti to`lanadigan) ko`rsatgan davlatlar yuridik shaxslarini ushbu kalendar yil yakuniga qadar foyda solig`idan ozod qilish amaliyoti joriy etiladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар