Rossiyada migrantlarga qo`yilayotgan cheklovlar ishsizlar ortishiga olib kelishi mumkin

27.01.2025 10:14

So`nggi vaqtlarda Rossiyada mehnat muhojirlari uchun qo`llanilayotgan cheklovlar tobora keskinlashib bormoqda. Bu qarorlar migrantlar hayotiga salbiy ta`sir ko`rsatib, ularning turli sohalarda ishlash imkoniyatini cheklamoqda.

Prezident Vladimir Putinning noqonuniy migrasiyaga qarshi qabul qilgan so`nggi qarorlari jazo choralarini yanada kuchaytirdi. Endi noqonuniy migrasiyani tashkil qilgan shaxslar uchun qamoq jazosi uch yildan besh yilgacha oshirildi. Bu qonunning maqsadi - mamlakatda tartib o`rnatish va qonunbuzarliklarni oldini olish bo`lsa-da, migrantlarning ishlash imkoniyatlarini yanada cheklaydi.

Shuningdek, Rossiyada migrantlarga faqat bitta ish beruvchi bilan ishlash talabini qo`yish taklif qilindi. Agar bu qonun qabul qilinsa, muhojirlar o`z sohasini o`zgartirish imkoniyatidan mahrum bo`ladi. Masalan, qurilish sohasida ishlayotgan shaxslar kurer yoki taksi haydovchisi bo`lib ishlay olmaydi.

Ayrim viloyatlarda ham cheklovlar kuchaymoqda. Volgograd viloyatida migrantlar avtobus haydovchisi, savdo-sotiq yoki kurerlik xizmatlarida ishlashdan to`xtatildi. Saratov viloyatida esa, jamoat transporti va umumiy ovqatlanish sohalarida migrantlar faoliyati cheklandi. Bu kabi qarorlar, birinchi navbatda, mahalliy aholi uchun ish joylarini ta`minlash maqsadida qabul qilingani aytilmoqda.

Migrantlarga bo`lgan munosabat ijtimoiy kayfiyatlarga ham ta`sir etmoqda. Rossiyaning Millatlararo munosabatlar bo`yicha kengash a`zosi Margarita Lyange mamlakat iqtisodiyoti uchun migrantlarning ahamiyatini tan olgan holda, ularning Rossiya jamiyatiga moslashishi, til o`rganishi va qonunlarga rioya qilishi zarurligini ta`kidlamoqda. Uning so`zlariga ko`ra, migrantlar ko`p hollarda jinoyat sodir etmaydi, lekin har bir voqea ommaviy axborot vositalarida katta muhokamaga aylantiriladi.

Bundan tashqari, migrantlar oila a`zolari bilan kelgan holatlarda ijtimoiy sohaga tushayotgan og`irliklar ham muhokama qilinmoqda. Lyangening fikriga ko`ra, bitta muhojir ishlab topgan daromad butun oilasini ta`minlasa, bunday vaziyat Rossiya uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli emas.

O`zbekiston fuqarolari uchun bu cheklovlar jiddiy ta`sir ko`rsatadi. Chunki, so`nggi yillarda Rossiyaga mehnat migrasiyasi bo`yicha ketuvchi o`zbekistonliklar soni ancha oshdi. Hozirgi cheklovlar muhojirlar uchun qiyinchiliklarni yanada kuchaytirishi va ishsizlik muammosini keltirib chiqarishi mumkin.

O`zbekiston Rossiyaga mehnat migrantlari etkazib berishda peshqadam davlat hisoblanadi. 2024 yilning 9 oyi davomida Rossiyaga 1,748 million o`zbekistonlik ishlash uchun yo`l olgan, bu o`tgan yilga nisbatan 143 ming kishiga ko`p. Bu ko`rsatkich Tojikiston (884 ming kishi) va Qirg`iziston (570 ming kishi) bilan solishtirganda ancha yuqori. Rossiyaning migrantlarga nisbatan cheklovlari ishsizlik muammosini kuchaytirishi mumkin.  

O`zbekistonda rus tilida bilim olish uchun alohida maktablar tashkil etilgan. Ammo Rossiyada o`zbek maktablari yo`q. Migrasiya agentligi ma`lumotiga ko`ra, Rossiyada o`zbek maktablari ochishning iloji yo`q, lekin onlayn o`qitish uchun videodarslar tashkil qilingan.

Eslatib o`tamiz, 2025 yil 19 yanvardan Janubiy Koreyada ham o`zbekistonlik ishchilarning ish joylarini tark etishi ko`payganligi sababli qabul cheklovlari joriy etilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар