Jizzaxdagi bank xodimasining firibgarligi yuzasidan material tayyorlagan MY5 kanali muxbiriga nisbatan ma`muriy ish qo`zg`atildi. Bu haqda inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, MY5 kanali muxbiri Ruxsora G`ofurova Jizzaxdagi bank xodimasining firibgarligi yuzasidan material tayyorlagan. Jurnalistik surishtiruv jarayonida bank xodimasining fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, o`zlashtirgani tilga olinadi.
“Videolavhada tilga olingan qonunbuzarlikka oid hujjatlarni o`rgandim va qonunga muvofiq, ko`rsatuv efirga uzatilgach, xodimaga nisbatan darhol jinoyat ishi qo`zg`atilishi lozim edi. Chunki Jinoyat prosessual kodeksi talablariga ko`ra, OAVning jinoyat haqida bergan xabari jinoyat ishi ochilishiga asos bo`ladi”, deyiladi postda.
Biroq bank xodimasining arizasiga ko`ra Ruxsora G`ofurovaning o`ziga nisbatan ma`muriy ish qo`zg`atilgan.
“Emishki, jurnalist bank xodimasining sha`n va qadr-qimmatini kamsitibdi hamda uning jinoyati haqida xabar berib, qonunbuzarlik sodir etibdi. Hujjatlardan ko`rinishicha, bank xodimasining o`zga shaxslar nomiga olingan kreditining bir qismini uning eri - Oliy sud sudyasi Sharofiddin Boliev o`z plastik kartasi orqali to`lab kelgan. Sudya bu qonunbuzarlikdan xabardor bo`lgan va qonunbuzar ayolini himoya qilgan. Katta ehtimol bilan jurnalistga hujum ortida ham janobning o`zlari turibdi”, deb yozadi Tashanov.
Abdurahmon Tashanov qonun amal qilmaydigan jamiyatda bu kabi unsurga ajablanmasligini qo`shimcha qilgan.
“Bu jinoyatlarni Oliy sudning o`zi qo`llab-quvvatlasa ham hayratlanmayman - Jungli qonuni. Kimdir o`zini Ruxsoraga hamkasb hisoblasa, birlashaylik, haq so`zni himoya qilaylik. Advokat do`stlarimiz, iltimos, yordam qo`lini cho`zing! Zo`ravonlikka to`qnashish hammamizning boshimizda borga o`xshaydi”, deya qo`shimcha qilgan inson huquqlari faoli.