Toshkent shahridagi davlat tashkilotlarida haftaning har juma kuni «Milliy liboslar kuni» deb belgilanadi

22.01.2025 13:43

21 yanvar kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov «Toshkent shahrida milliylikni keng targ`ib qilishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorni imzoladi (https://e-qaror.gov.uz/doc/2215863). Qarorga ko`ra, Toshkent shahrida milliylikni keng targ`ib qilish bo`yicha Toshkent shahar ishchi guruhi tuzildi. Shaharda milliylikni keng targ`ib qilishga qaratilgan «Milliy Toshkent» loyihasi asosida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Shahar ishchi guruhining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

milliy liboslar va milliylikni ommalashtirishga oid targ`ibot materiallarini ishlab chiqish;
korxona, muassasa va tashkilotlar hamda mahalla fuqarolar yig`inlari bilan hamkorlikni tashkil etish;
ommaviy tadbirlar davrida milliy liboslar va milliylikning mavqeini mustahkamlanishini ta`minlash;
milliy liboslar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash;
mavzuga oid o`quv-seminarlari, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
qarorning bajarilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirish.

Toshkent shahar hokimining o`rinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar, tuman hokimliklari:

mazkur qarordan kelib chiqqan holda targ`ibot — milliy liboslar va milliylikning ijobiy ahamiyatini keng jamoatchilikka etkazishga qaratilgan ma`rifiy, madaniy, axborot va reklama tadbirlarini amalga oshirish;
milliy liboslarda yurishni, milliylikni targ`ib qilishni va milliy madaniyatni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash maqsadida moddiy va ma`naviy rag`batlantirish choralarni ko`rishi;
davlat va jamoat tashkilotlari yoki xususiy sektorlar tomonidan o`tkaziladigan madaniy, sport, ma`rifiy hamda boshqa turdagi tadbirlarga aholining keng qatlamlari jalb qilishi belgilandi.

Toshkent shahridagi davlat tashkilotlari, boshqarma va muassasalarda haftaning har juma kuni «Milliy liboslar kuni» deb belgilanadi. Toshkent shahar va tuman hokimliklari, hokimliklar qoshidagi boshqarma, tashkilot va bo`limlar, boshqa davlat organlari va muassasalari xodimlari ish kunlarida milliy liboslarda yurishi tavsiya etiladi (tasdiqlangan xizmat kiyimlari bundan mustasno).

Toshkent shahar hokimining o`rinbosarlari, Toshkent shahar sport boshqarmasi, Toshkent shahar madaniyat boshqarmasiga quyidagilar topshirildi:

shahar miqyosida o`tkaziladigan barcha ommaviy tadbirlar (bayramlar, festivallar, ko`rgazmalar, sport musobaqalari, konsertlar va boshqalar) milliy uslubda bezatilishini hamda ishtirokchilarning milliy liboslarda bo`lishini ta`minlash;
ommaviy tadbirlarda eng yaxshi milliy liboslar namoyishi, milliy o`yinlar, milliy raqs va qo`shiqlar tanlovlari o`tkazilib, g`oliblarga sovg`alar hamda diplomlar berib borilishini tashkil etish.

Toshkent shahar hokimining o`rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig`i Shahnoza Sultanovaga, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi Toshkent shahar bo`limi va hokimlik matbuot xizmatiga:

O`zbek xalqining milliy qadriyatlarini targ`ib qilish maqsadida telekanallar, radiostansiyalar, gazeta va jurnallarda, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus ko`rsatuvlar, eshittirishlar, maqolalar va boshqa materiallar tayyorlab, ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borish;
milliylikni targ`ib qilish maqsadida Toshkent shahar hokimligi tomonidan e`lon qilingan «Milliy liboslarimiz barchaga yarashadi» shiori ostidagi «Milliy trend chellendji» bo`yicha targ`ibot ishlari olib borish;
Toshkent shahar hokimligi, boshqarma va muassasalar o`rtasida «Milliylikning eng yaxshi targ`ibotchisi» tanlovini tashkil etish;
boshqarma, muassasa va tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida milliy liboslar hamda milliylikni targ`ib qiluvchi, foydali ma`lumotlar, fotosuratlar, videolar va boshqa materiallar joylashtirib borish;
ta`lim muassasalarida milliy liboslar tarixi, milliy hunarmandchilik, o`zbek xalqining madaniyati va san`ati bo`yicha ma`ruzalar, seminar-treninglar, ko`rgazmalar hamda boshqa tadbirlar o`tkazib borilishini ta`minlash topshirildi.

Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga: 
milliy liboslar do`konlari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari savdo yarmarkalari, milliy restoranlar va boshqa milliy uslubdagi xizmat ko`rsatish obektlarining faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini;
milliy liboslar tikish va dizayn bo`yicha o`quv markazlari tashkil etilishi, hunarmandlarning mahoratini oshirish bo`yicha seminar-treninglar o`tkazilishini ta`minlash buyurildi.

Bundan tashqari qaror bilan Toshkent shahriga kelgan sayyohlarga milliy qadriyatlar va o`zbek madaniyati haqida batafsil ma`lumotlar berilishini hamda ularning milliy liboslarda fotosuratga tushishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Turistik marshrutlarga milliy uslubda bezatilgan joylar, milliy hunarmandchilik ustaxona va do`konlari kiritiladi. Mehmonxonalarda, restoranlarda, turistik obektlarida milliy liboslar va o`zbek madaniyatiga oid ko`rgazmalar, tanlovlar va boshqa tadbirlar o`tkaziladi.

Toshkent shahrida tayyorlanayotgan milliy liboslar, hunarmandchilik mahsulotlari, ularning tarixi, dizayni va tayyorlanish uslublari to`g`risida ma`lumotlar bazasi yaratiladi hamda bu bazadan tadqiqotchilar, dizaynerlar va milliy liboslarga qiziquvchi aholi keng foydalanishi uchun ochiq bo`ladi.

«Milliy Toshkent» loyihasi doirasida:

Toshkent shahar yo`lovchi tashish transportlari hamda transport kartalarini milliylik ornamentlari bilan bezatiladi;
Toshkent shahrida mavjud umumta`lim maktablarining har birida namuna sifatida bittadan «Milliy o`zbek sinfi»ni tashkil etiladi;
Savdo markazlari, bozorlar, istirohat bog`lari, muzeylar, kino va teatr binolarining fasad hamda ichki qismini milliylik ruhida bezatiladi;
«Toshkentda milliylik trendda»shiori ostida qisqa metrajli ijtimoiy roliklar, blog hamda flashmoblar tanlovini e`lon qilinadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар