Suv omborining ta`miri ogohlikka chaqirgan fuqaroning mablag`idan qilindimi?

21.01.2025 11:16

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi Oqdaryo suv omborida damba yorilgani hamda suv sathi me`yordan oshib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu ishni sodir etgan 2 fuqaroning har biriga esa 7,5 mln so`mdan jarima jazosi tayinlandi.

Tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan so`ng, 11 yanvar kuni Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati vaziyatga munosabat bildirilgan xabar joylagan.

Unga ko`ra, Oqdaryo suv omborida hech qanday nosozliklar yoki xavfli holat yuzaga kelmagan. Suv sathi me`yoriy darajada bo`lib, damba va unga tegishli infratuzilmalar barqaror holatda ishlamoqda. Barcha ob`ektlar doimiy ravishda mutaxassislar tomonidan nazorat qilinmoqda. Oqdaryo suv ombori strategik ahamiyatga ega inshoot sifatida qonunchilikka muvofiq ravishda texnik ko`rikdan o`tkazilib, uning xavfsizligi to`liq ta`minlangan.

Shuningdek, 15 yanvar kuni holat bo`yicha teledastur uchun ham reportaj tayyorlangan. Unda intervyu bergan shaxslarning (ismi va mansabi keltirilmagan) so`zlariga ko`ra, bu har yili ikki marta bo`ladigan ta`mirlash jarayoni, ya`ni beton sinishini tuzatish chog`ida mahalladagi ikki fuqaro ularni ta`mirlash jarayonida yashirincha videoga olib, guruhlarga tarqatib yuborgan. Ta`mirlash jarayonlari esa 2025 yil 15 yanvar kuni yakunlanishi ta`kidlangan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Ishtixon tuman sudida har ikki shaxs sud qarori bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 202-2-moddasi (yolg`on axborot tarqatish)  ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Ularning har biriga BHMning 20 baravari miqdorida (7,5 mln so`mdan) jarima jazosi tayinlangan.

Xabarlarga ko`ra, video fuqarolar tomonidan 2025 yil 10 yanvar kuni guruhlarga tarqatilgan. Tasvirlarni solishtiradigan bo`lsak, fuqarolar videosida suv sathi rostdan ham baland va bir qancha kishi qirg`oqda ishlar bilan band ekani ko`rilgan, videoga olayotgan shaxs ularni ko`rsatib, yoriqlarni berkitish bo`yicha ishlayotganiga ishora qilgan. Voqeadan bir kun o`tib, Ishtixon tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirgan, lekin, qizig`i, unda ta`mirlash jarayoni bo`layotgani haqida hech qanday fikr keltirilmagan. Vaholanki, yuqorida aytib o`tganimizdek, muxbirga intervyu bergan shaxs ularni ikki fuqaro ta`mirlash jarayonida yashirincha videoga olib tarqatib yuborgani, ta`mir ishi esa 15 yanvar kuni to`liq bitishini ta`kidlagan.

Shuningdek, tasvirlarga qarasak, dastlabki holatda suv omborning suv sathi ancha yuqori bo`lgan, bir nechta ishchi, bitta labo va bitta kobalt mashinasi, formasiz ishchilar qopga belkurakda qum to`ldirib to`g`on yorig`ini yopishmoqda. Birorta qurilish texnikasi mavjud emas.
Jinoyatchi deb topilgan bola tarqatgandan keyingi holatda esa, suv sathi ancha pasaytirilgan, maxsus qurilish texnikalari jalb qilingan, ishlar jadal olib borilmoqda.

Bundan kelib chiqib, ta`mir jarayonlari aslida qachon boshlangan, yoriqlarni aytgan fuqarolar jinoyatchimi, yoki haqiqatni aytib, Oqdaryodagi holatni yuqoridagilarga bildirib qo`ygan “qurbon” xaloskorlarmi, degan savod tug`iladi.

Eslatib o`tamiz, avvalroq metandagi navbatni tanqid qilib chiqqani uchun fuqaroga 15 sutka qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar bergan edik. (https://t.me/rost_24uz/11294)

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар