Davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida korrupsiyaning kelib chiqishiga sabab bo`layotgan omillar aniqlandi. Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Korrupsiya qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma`lumot berdi.
Jumladan:
Davlat xaridlari sohasida xaridlar hajmini qismlarga bo`lish orqali amalga oshirilganligi, tender savdolarida manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yilganligi;
Sog`liqni saqlash sohasida ishga qabul qilishda shaffof tizim yaratilmaganligi, tibbiyot muassasalarida byudjet mablag`larining talon-toroj qilinayotganligi;
Madaniyat sohasida milliy seriallarni yaratish uchun telekanallarga subsidiya berishning aniq tartib-taomillarning belgilanmaganligi;
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda jinoyat ishining surishtiruv va tergov jarayonida hamda ehtiyot chorasini tanlash jarayonida engillik qilish evaziga ta`magirlik holatlari sodir etilayotganligi;
Qurilish sohasida inson omilini imkon qadar istisno etadigan raqamlashtirish ishlari sust olib borilayotganligi, qurilish ob`ektlarida nazoratning etarli darajada emasligi;
Ilmiy daraja olishda plagiatga yo`l qo`yish, tanish-bilishchilik munosabatlaridan foydalanish tizimida raqamlashtirish, nazorat va javobgarlik mexanizmlarining yaratilmaganligi;
Avtomobil yo`llari sohasida davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib, manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yilganligi kabi korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanib, ularni minimallashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqildi.