Amerika bu imkoniyatlar yurti. Bu mamlakat ko‘plab vatandoshlarimiz uchun orzularni ro‘yobga chiqarish va global miqyosda o‘z o‘rnini topish imkonini beruvchi ulkan maydon hisoblanadi. Ayniqsa, nufuzli o‘quv yurtlarida tahsil olib, xalqaro korxonalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz haqidagi hikoyalar ko‘pchilikka ilhom bag‘ishlaydi va katta qiziqish uyg‘otadi.
Bugungi qahramonimiz Sohibxon Salihov. U ushbu yozda dunyo miqyosida ta'minot zanjiri sohasida yetakchi hisoblangan Schneider Electric korxonasida amaliyot o‘tashga muvaffaq bo‘lib, o‘z salohiyatini yana bir bor namoyon qildi. Sohibxonning muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan yo‘li, olgan bilimlari va boy tajribalari ko‘pchilik uchun qiziq va ilhomlantiruvchi bo‘lishi shubhasiz. Ushbu maqolada uning bu yutuqlarga qanday erishgani haqida hikoya qilamiz.
Bugungi kunga qadar erishilgan marralar:
Sohibxon Salihovning bugungi kunda Amerikada erishgan yutuqlarini to‘liq anglash uchun uning professional karyerasining boshlanishiga nazar tashlash muhim. 2015 yilda Toshkentdagi Uels Universitetini tamomlagan Sohibxon o‘z faoliyatini tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida boshladi. Bu yerda u ta’minot zanjiri tushunchalari, transport boshqaruvi, yetkazib beruvchilar bilan ishlash va ta’minot boshqaruvi kabi ko‘nikmalarni birlashtirib, muhim tajriba orttirdi. Ushbu korxonada uning ko‘zga ko‘ringan yutuqlaridan biri, bu korxona tarixida ilk bor avtomobil mahsulotlarini Rossiya, Ukraina va Belarus kabi davlatlarga eksport qilishni yo‘lga qo‘ygan loyihadir. Bu nafaqat korxona, balki milliy avtomobil eksporti sohasida ham yangi sahifa ochdi. Ilgari tashqi ta’minot jarayonlari asosan ishlab chiqaruvchilar tomonidan amalga oshirilib, uchinchi tomon ishtirokisiz hal qilinar edi. Sohibxonning ushbu yo‘nalishdagi yorqin tashabbuslari uni yanada kattaroq va murakkab loyihalar uchun tayyorladi, bu esa yana avtomobil sohasi bilan chambarchas bog‘liq edi.
Keyingi faoliyatida Sohibxon Peugeot va Volkswagen kabi dunyoning yetakchi avtomobil brendlari bilan ishlashni davom ettirdi. Sohibxonning faoliyatida "yangi" tushunchasi markaziy o‘rinni egallagan. U "Yangi O‘zbekiston" davrining iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan davlat miqyosidagi yangi loyihalarda nafaqat faol ishtirok etgan, balki ularning yetakchi ijrochilaridan biri sifatida ham ajralib turgan. Misol uchun, uning faoliyati avtomobil sanoatining bir qator o‘zgarishlarida o‘z aksini topdi. Sohibxonning tashabbusi bilan “Car Clinic” dasturi ilk bor O‘zbekiston bozoriga olib kelingan. Bu loyiha mamlakatda yangi mahsulotlarni ishga tushirishdan oldingi benchmark jarayonlarining yangi standartini yaratdi. Shuningdek, Sohibxon Sog‘liqni Saqlash Vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha doirasida Damas rusumidagi avtomobillarni zamonaviy va qulayroq modellarga almashtirish bo‘yicha ishlagan. Buning ustiga, qahramonimiz O‘zbekiston bozoriga mutlaqo yangi avtomobil brendlarni olib kirishda faol ishtirok etdi. Shu sababli, Sohibxon va uning jamoasi mamlakat avtomobil sanoatini yangi bosqichga olib chiqish uchun zarur sharoitlar yaratishdi.
AQSHdagi sahifa:
2022 yil Sohibxon uchun muhim yil bo‘ldi. U davlatimizning nufuzli “El-Yurt Umidi” grantini qo‘lga kiritdi va xalqaro miqyosdagi JICA tashkilotining “JDS” fellowship dasturida g‘olib bo‘ldi. Ma’lumki, bu grantlarni qo‘lga kiritish uchun murakkab tanlov bosqichlaridan o‘tish talab etiladi. Shu yili Sohibxon o‘zining taqdim etgan loyihalari va suhbat jarayonlaridagi muvaffaqiyati bilan hay’at a’zolarining e’tiborini tortdi. U avtomobil ta’minot zanjiri sohasida taklif etgan innovatsion o‘zgarishlari ikki grant tashkilotchilari tomonidan yuqori baholandi. Bundan tashqari, Sohibxon nufuzli Wisconsin Biznes Maktabidan to‘liq moliyalashtiriladigan fellowshipni ham qo‘lga kiritdi. Ushbu yutuqlari sabab u Amerika Qo‘shma Shtatlariga ta’lim olish va professional rivojlanish yo‘lida o‘z safarini boshladi. Tushunishingiz uchun, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi biznes maktablarida ta’lim olishning to‘liq xarajatlari odatda 70 mingdan 150 ming dollargacha bo‘ladi.
Albatta, Sohibxon o‘z kasbiy yo‘nalishida to‘xtab qolmadi. O‘qishni ish bilan birga olib borish va ishlashni amaliyot qidirish bilan birlashtirish uning uchun qiziqarli sinov kabi tuyuldi. 2023 yilning yozida esa uning mashaqqatli mehnatlari o‘z samarasini berdi va u Gartner reytingida ta’minot zanjiri boshqaruvi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan Schneider Electric korxonasida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Suhbat davomida Sohibxon o‘zining erishgan yutuqlari va amalga oshirgan loyihalari haqida batafsil so‘zlab berdi. Shuningdek, sohaga qiziquvchilarga ishga kirishning muhim sirlarini ham o‘rtoqlashdi.
“AQShda amaliyot va ish tajribasi katta ahamiyatga ega bo‘lib, zarur bo‘lgan parallel tajriba juda muhim. Ya’ni, agar siz biror ishga kirishni istasangiz, akademik yoki, undan ham yaxshisi, amaliy tajribaga ega bo‘lishingiz shart. Ularning suhbat jarayonlari odatda chuqur tahlilga asoslanadi. Masalan, 'Buni bajardingizmi?' degan oddiy savoldan ko‘ra, 'Buni qanday amalga oshirdingiz?' degan savol ko‘proq uchraydi. Shuning uchun real amaliy tajriba juda katta ahamiyat kasb etadi.” deb bo’lishdi Sohibxon.
Sohibxonning ta’kidlashicha, ushbu amaliyot unga o‘z tajribasiga qo‘shimcha qiymat qo‘shuvchi katta tajriba bergan. Avtomatlashtirish jarayonlari va taqsimot markazlarining mukammalligi bilan tanilgan Schneider Electric Sohibxonga Texasdagi taqsimot markazida avtonom robotlarning ishlash tizimi kabi ilg‘or texnologiyalarni va Kaizen usullarining logistika jarayonlariga qanday tatbiq etilishini bevosita kuzatish imkonini taqdim etdi.
Amaliyot davomida Sohibxon nafaqat o‘z malakasini oshirdi, balki korxona rivojiga hissa qo‘shishga intilib, qadoqlash samaradorligini oshirish, xomashyo xarajatlarini kamaytirish va operatsion jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha muhim o‘zgarishlarni amalga oshirdi. U taqsimot markazida jarayonlar o‘rtasidagi uzviylikni mustahkamlash va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustida faol ish olib bordi.
O‘z tajribasidan vatandoshlarimizga tavsiyalar
Sohibxon barcha yosh mutaxassislarga doimo o‘z ustida ishlash va yangi bilimlarni egallashga intilishlarini tavsiya etadi. Uning fikricha, ayniqsa davlat korxonalarida samaradorlikni oshirish uchun xodimlarning chet elda ta’lim olish va ishlash tajribasiga ega bo‘lishi muhim. Shuningdek, tashabbuskor xodimlarni yuqori rahbariyat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yurtning iqtisodiy va innovatsion rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shishi mumkinligini ta’kidladi.
So‘z yakunida Sohibxonning o‘z fikrlarini iqtibos sifatida keltiramiz:
“Til o‘rganish bu muvaffaqiyat sari ilk qadam. O‘z yo‘nalishingizni aniq belgilab, unda chinakam mutaxassis bo‘lishga intiling. Atrofingizda to‘g‘ri networkingni shakllantirish esa sizni maqsadlaringizga yaqinlashtiradi va to‘g‘ri yo‘nalishga yo‘naltiradi.
Kerakli bilim va tajriba sizni dunyo fuqarosiga aylantiradi. Bunday poydevor bilan siz qayerda ishlamang, doimo talabga ega bo‘lasiz va jamiyatga foydali bo‘lishingiz shubhasiz.”
Hakim Nomozov