Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida investisiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi bo`yicha videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
2025 yil uchun mutasaddilarga yuklatilgan asosiy vazifalar:
— 230 ta tadbirkorning bojxona omborlarida uzoq muddatdan buyon saqlanayotgan 120 million dollarlik uskunalarni egalariga etkazish bo`yicha “yo`l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi;
—Yil yakunigacha kamida 200 ta tadbirkorni xalqaro moliya bozoridan 2 milliard dollar jalb qilishga tayyorlash muhimligi ta`kidlandi;
—Viloyat hokimlariga har oy tadbirkorlar bilan yarmarka o`tkazib, o`zida yangi-yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish tizimini yo`lga qo`yish topshirildi;
—Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 1 milliard, Navoiy kon-metallurgiya kombinati 500 million, “Navoiyuran” va “O`zmetkombinat” har biri 300 million dollarlik evrobond joylashtirishi zarurligi ko`rsatib o`tildi;
—Mutasaddilarga tarmoqlar va viloyat hokimlari bilan birgalikda tuman va korxonalar kesimida 2025 yilda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo`yicha dastur tayyorlash topshirig`i yuklatildi;
—“Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports”, Avtomobil yo`llari qo`mitasi ham xalqaro reyting olib, tashqi bozordan jami 700 million dollar olib kelishi muhimligi ta`kidlandi;
—2025 yil uchun 2 milliard dollar grant olish bo`yicha har bir vazirlik, tarmoq va hududlarning rejalarini shakllantirish topshirildi;
—Moliya institutlari bilan ishlash bo`yicha alohida Favqulodda shtab tashkil qilinishi belgilandi;
—Mutasaddilarga Evropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan yaqindan ishlab, tumanma-tuman yurib, tadbirkorlar bilan davlat kafolatisiz qilish mumkin bo`lgan loyihalarni ko`paytirish topshirildi;
—Bu yil eksportni 30 milliard dollardan oshirish zarurligi qayd etildi;
— Mutasaddilarga xorijiy investorlarni topib, mavjud iqtisodiy zonalarning bo`sh hududlarida texnopark tashkil qilish bo`yicha taklif kiritish topshirildi;
2025 yil investisiyani keng jalb etish va eksport sohasida rejalar:
—Endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi belgilandi. Ushbu zonalarda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabi bor mahsulotlar ishlab chiqariladi;
—Eksportchilarni aylanma mablag` bilan ta`minlash uchun alohida Faktoring tashkiloti ochilib, unga 100 million dollar ajratiladi. Korxonalarning xalqaro sertifikat talablariga moslashish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismi qoplab beriladi;
Rivojlanish va tadqiqot markazlari uchun olib kelinadigan laboratoriya jihozlari bojxona bojlaridan ozod qilinadi. Xalqaro marketpleyslar orqali mahalliy mahsulotlarni ilgari surish uchun 2 million dollar yo`naltiriladi;
—Joriy yildan boshlab klasterlar paxtaga talabi va narx taklifini birjaga qo`yadi, fermerlar esa o`ziga ma`qulini tanlab, fyuchers shartnomasini tuzadi;
—Imtiyozli kredit olmay, o`zi paxta etishtirgan fermerlarga birjada sotgan paxtasini 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi;
—Imtiyozli kreditni yil yakunigacha to`liq qaytargan fermerlarga kreditning 4 foizi qaytarib beriladi. Ularga kredit foizi amalda 10 foizdan 6 foizga tushadi.
Yig`ilish yakunida vazirlar, tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlari oldiga tumanlarga tushib, o`z ishini joyida tashkil qilish vazifasi qo`yildi.