O`zbekistondagi davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga “halollik vaksinasi”ni singdirish hamda ushbu borada preventiv mexanizmlarni joriy etish maqsad qilingan. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgan 2025 yilga mo`ljallangan davlat dasturi loyihasida ko`zda tutilgan.
Loyihaga ko`ra, 2025 yil fevraldan boshlab yil davomida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Rahbar kadrlarni baholash markazida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasi asosida kamida 500 nafar rahbarlik lavozimlarda ishlayotganlar va ushbu lavozimlar uchun zaxirada turganlarning korrupsiyaga moyilligi darajasini baholash rejalashtirilgan.
Bu xorijiy grant mablag`lari, manfaatdor vazirlik va idoralar mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni singdirish bo`yicha qadriyatlar tizimini shakllantirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish asosida ta`sirchan chora-tadbirlarni joriy etishga oid takliflarni muntazam (yiliga kamida bir marta) kiritib borish ham ko`zda tutilgan.