Poytaxt byudjetidan mansabdorlarning qonunbuzarligi natijasida fuqarolarga etkazilgan zararni qoplash uchun 35 mlrd so`m ajratiladi
2025 yil uchun Toshkent shahar mahalliy byudjetini tasdiqlash to`g`risidagi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarorida poytaxt mahalliy byudjetining 2025 yildagi daromadlari jami 9,4 trln so`m miqdorida belgilandi. Bu safar ham byudjet qabul qilinishidan oldin uning loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilinmadi.
Tushum
Poytaxt byudjetining eng katta tushumini (1,8 trln so`m) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i berishi kutilmoqda. O`tgan yili bu ko`rsatkich 1,5 trln so`m edi. Bu borada o`sish 18,2% ni tashkil qilgan.
Ikkinchi tushum manbai yuridik shaxslarning mol-mulk solig`idan olinadigan tushumlar. Bu qariyb 1,6 trln so`mni tashkil qiladi. 2024 yili bu miqdor 1,2 trln so`m bo`lgan.
Uchinchi muhim tushum manbai foyda solig`i, bundan qariyb 1,1 trln so`m tushishi ko`rsatilgan. 2024 yilda bu ko`rsatkich 796,2 mlrd so`m bo`lgan.
2025 yilda yig`imlardan 460 mlrd so`m daromad olinishi ko`zda tutilgan. 2024 yilda bu 487,8 mlrd so`mni tashkil qilgandi. Davlat kompaniyalari va ulushlaridan daromadlar o`tgan yilgi 394,4 mlrd so`mdan 341 mlrd so`mgacha qisqargan.
Xarajatlar
Shu bilan birga, Qarorda Toshkent shahri byudjetining 2025 yildagi xarajatlari 9,7 trln so`mni tashkil etishi ko`rsatilgan.
Poytaxt byudjetining eng katta xarajati issiqlik ta`minotini subsidiyalash bilan bog`liq. Issiqlik ta`minoti xizmati uchun zararlarni qoplashga 2,7 trln so`mdan ortiq mablag` ajratilgan. Bu shahar byudjeti xarajatlarining 28% degani. Solishtirish uchun, 2024 yilda bu maqsadlarga 1,97 trln so`m yo`naltirilgandi.
Shahar byudjetining ikkinchi eng yirik xarajati jamoat transporti uchun subsidiyalar tashkil qiladi. Bu maqsad uchun 1,2 trln so`m sarflanadi. O`tgan yili bu yo`nalishga 1 trln so`m ajratilgan edi. Shuningdek, Metropoliten zararlarini qoplashga 683,2 mlrd so`m ajratiladi. 2024 yili 575,7 mlrd so`m yo`naltirilgan.
Uchinchi eng katta xarajat bu tashqi va ichki qarzlarni so`ndirish bilan bog`liq - 911,9 mlrd so`m. 2024 yili qarzlarni so`ndirish uchun 480,4 mlrd so`m ajratilgandi.
Shuningdek, davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqarolar yoki yuridik shaxslarga etkazilgan zararni qoplash xarajatlariga 35 mlrd so`m ajratiladi.
O`z navbatida, tibbiy sug`urta jamg`armasiga – 2,25 trln so`m, obodonlashtirish boshqarmasiga – 635 mlrd so`m, sog`liqni saqlash boshqarmasiga – 215 mlrd so`m, soliq boshqarmasiga – 184 mlrd so`m yo`naltirilishi kutilmoqda. Shuningdek, ko`p qavatli uylardagi liftlarni ta`mirlash va yangilashga – 165 mlrd so`m sarflanadi.
Tumanlar kesimida eng katta daromadlar va xarajatlar prognozi Mirzo Ulug`bek tumaniga to`g`ri kelmoqda – 166 mlrd so`m. Eng kami Bektemir tumanida – 76 mlrd so`m.