1 iyuldan pasport va boshqa hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinadi

08.01.2025 11:20

2025 yil 1 iyuldan boshlab shaxsni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlarning elektron shakli rasman tan olina boshlanadi. Bu hukumatning «Aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashda «ijtimoiy karta» tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorida nazarda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, «Raqamli hukumat» tizimi idoralararo integrasiyalashuv platformasi doirasida shaxsiy hujjatlarning unifikasiyalangan raqamli servislari joriy etiladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining aniqlik kiritishicha, endilikda my.gov.uz dagi shaxsni tasdiqlovchi, haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlarning raqamli (elektron) shakllari rasman tan olinadi.

Bunda my.gov.uz da ushbu raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratiladi va ular O`zbekiston hududida majburiy tartibda qabul qilinadi. Ro`yxatga quyidagi hujjatlar kiritilgan:

O`zbekiston fuqarosining biometrik pasporti;
O`zbekiston fuqarosining identifikasiyalovchi ID-kartasi;
Haydovchilik guvohnomasi;
Tug`ilganlik haqida guvohnoma;
Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma;
Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
Transport vositasining ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
Fuqaroligi bo`lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID-kartasi);
Nogironlik to`g`risida ma`lumotnoma;
Transport vositasining majburiy sug`urta (fuqarolik javobgarligi) bo`yicha sug`urta polisi;
Oliy, o`rta maxsus, kasb-hunar va professional ta`lim olganlik to`g`risida davlat namunasidagi rasmiy hujjat;
Talabalik guvohnomasi;
Yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risida guvohnoma;
O`zini o`zi band qilgan shaxs sifatida ro`yxatdan o`tganligi to`g`risida ma`lumotnoma;
Turar joy ob`ektlarining kadastr pasporti;
Jismoniy shaxsning shaxsiy avtomototransport vositasini boshqa shaxslarga boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma.

Ushbu hujjatlarning qog`oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro`yxatdan o`tkazishda va O`zbekiston hududidan o`tuvchi poezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa xizmatlarni ko`rsatish, shu jumladan, elektron xizmat ko`rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi, ya`ni portaldagi elektron shakllari ham tan olinadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар