25 dekabr kuni O`zbekiston prezidenti 2025 yilgi davlat byudjetiga doir qaror imzoladi. Qarorga ko`ra, birinchi darajali byudjet mablag`lari taqchimlovchilari, Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar 2025 yilda byudjet mablag`larini tejash va samaradorligini oshirish bo`yicha barcha zarur choralarni ko`rishi kerak.
Konsolidasiyalashgan byudjet taqchilligining oshishiga olib kelishi mumkin bo`lgan davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari hisobidan qo`shimcha xarajatlar faqat qo`shimcha daromad manbayi mavjud bo`lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.
Yil oxirigacha quyidagilar bo`yicha takliflar kiritish taqiqlandi:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining boshqaruv xodimlari ish haqi miqdorlarini oshirish (mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorini oshirish bundan mustasno);
Qoraqalpog`iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlarining qo`shimcha manbalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari (ta`lim, ilm-fan, sog`liqni saqlash, qishloq va suv xo`jaligi sohalarida foydalaniladiganlardan tashqari) xarid qilish.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining byudjetdan tashqari jamg`armalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari faqatgina Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda xarid qilinadi.
Byudjet tashkilotlarining 2025 yil uchun xarajatlar smetasini tuzish jarayonida mebel va ofis jihozlari hamda tovar-moddiy zaxiralarini xarid qilish xarajatlari miqdorini 2024 yilga nisbatan 10 foizga kamaytirgan holda (bog`chalar, umumta`lim maktablari va sog`liqni saqlash muassasalaridan tashqari) rejalashtirish topshirig`i berildi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagilar qat`iyan taqiqlandi:
byudjet xarajatlari parametrlarini shakllantirishda ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish, shuningdek, kommunal xizmatlar xarajatlari uchun mablag` etishmovchiligiga yo`l qo`yish;
mahalliy byudjet va uning qo`shimcha manbalari hisobidan normativ-huquqiy asosi bo`lmagan qo`shimcha shtat birliklarini saqlash;
moliyalashtirish manbayi aniq bo`lmagan tadbirlarni amalga oshirish.
2025 yil 1 yanvardan tuman (shahar) byudjetlaridan mablag` bilan ta`minlanadigan sog`liqni saqlash muassasalarini saqlash xarajatlari Qoraqalpog`iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetidan moliyalashtirishga o`tkaziladi.