Yoshlar ishlari agentligi xalqaro imtihonlardan yuqori ball olgan 300 dan ortiq yoshning pulini vaqtida qaytarib bermadi

07.01.2025 12:07



2024 yil noyabr oyida tarmoqlarda xalqaro imtihonlarda yuqori ball olgan yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilmayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa`dullaev  tez kunlarda xarajatlar to`lab berilishini ma`lum qilgandi o`shanda. 

“Yuqori ball to`plagan yoshlar biz prognoz qilganimizdan ko`proqni tashkil qildi. Shu sababli biz agentlik byudjetiga qo`shimcha mablag` uchun manba topishimiz kerak”, – degandi u.

Shundan so`ng 27 dekabr kuni Adliya vazirligi bu borada ma`lumot berdi.

Vazirlik o`tkazgan monitoringda aniqlanishicha, xalqaro imtihon tizimlarida yuqori ball olgan 309 nafar yoshning puli to`lab berilmagan. Vazirlik Yoshlar ishlari agentligiga imtihon topshirish xarajatlarini ma`muriy reglamentga muvofiq to`liq qoplab berilishini ta`minlash yuzasidan taqdimnoma kiritgan.

“Mazkur taqdimnoma ijrosi natijasida jami 132 nafar yoshlarning 236 850 000 so`m miqdoridagi imtihon topshirish xarajatlarining to`liq qoplab berilishi ta`minlandi. Bugungi kunda vakolatli organ tomonidan qolgan 177 nafar yoshlarning imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish bo`yicha tegishli choralar ko`rilmoqda”, – deyilgan adliya axborotida.

Qayd etilishicha, aniqlangan qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan agentlik mas`ul xodimi ma`muriy javobgarlikka tortilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар