Xalqaro IQ reestri dunyoning turli mamlakatlaridagi o`rtacha IQ (Intelligence quotient, intellekt koeffisienti – inson aql darajasining miqdoriy bahosi) ma`lumotlarini e`lon qildi.
Birinchi o`rin 107,43 ball bilan Xitoyga nasib etgan bo`lsa, O`zbekiston 96,98 ball bilan ro`yxatdagi 127 davlat ichida 69-o`rinni egalladi. Dunyo bo`yicha o`rtacha IQ 100 ballni tashkil qiladi.
Reyting mualliflari ta`kidlashicha, tadqiqot 2024 yilda ushbu saytda bir xil testdan o`tgan butun dunyo bo`ylab 1,4 mln kishi ma`lumotlariga asoslangan. Ba`zi mamlakatlar ma`lumotlar yo`qligi sababli kiritilmagan. Reyting har yili 1 yanvarda yangilanadi.
«Mamlakatlar bo`yicha o`rtacha IQ Sharqiy Osiyoda yuqoriroq. O`rtachaga yaqin - Evropa, G`arbiy Osiyo, Okeaniya, Shimoliy Amerika va Shimoliy Afrikada. Markaziy va Janubiy Afrika hamda Lotin Amerikasida o`rtachadan past», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, test sinovida O`zbekistondan 8986 kishi ishtirok etgan. O`tgan yili bu ko`rsatkich 94,81 ballga teng edi, bu yil 2,17 ga oshgan.
Kuchli uchlikka Xitoy (107,43), Eron (106,63) va Janubiy Koreya (106,57) kirdi. Gabon 85,56 ball bilan so`nggi o`rinni egalladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog`iston 66-o`rinda (97,27), Qirg`iziston 84-o`rinda (95,0), Tojikiston 96-o`rinda (93,75), Turkmaniston haqida ma`lumot yo`q.
Tadqiqotchilar ta`kidlaganidek, mamlakatdagi o`rtacha IQ miqdoriga quyidagilar ta`sir qiladi:
- Yuqumli kasalliklar: 2010 yilgi tadqiqot shuni ko`rsatdiki, yuqumli kasalliklar darajasi yuqori bo`lgan mamlakatlarda odatda IQ miqdori past bo`lgan aholi yashaydi. Ushbu kasalliklar kognitiv rivojlanishga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Afrika yuqumli kasalliklardan eng ko`p zarar ko`rgan qit`adir.
- Ovqatlanish odatlari: 2025 yilgi tadqiqot shuni ko`rsatdiki, yaxshi ovqatlanish odatiga ega bo`lgan bolalar boshqa bolalarga qaraganda yuqori IQ miqdoriga ega.
- Intellektual faoliyat: 2022 yilgi tadqiqot shuni ko`rsatdiki, muntazam ravishda shaxmat o`ynash bolalarning IQ darajasini oshirishi mumkin. 1962 yildagi yana bir tadqiqot shuni ko`rsatdiki, ikki tilda so`zlashadigan bolalar faqat bir tilda gapiradigan bolalarga qaraganda IQ testida yuqori ball olgan.
- Genetika: 2013 yilda mingdan ortiq egizaklar ishtirokida o`tkazilgan tadqiqot shuni ko`rsatdiki, IQ 50-80 foiz genetika bilan belgilanadi.
Xulosa qilinishicha, sog`lom ovqatlanish odatlarini targ`ib qiluvchi va o`z fuqarolarini intellektual rag`batlantiruvchi faoliyat bilan shug`ullanishga undaydigan, sog`liqni saqlash tizimi yaxshi rivojlangan mamlakatlarda o`rtacha IQ darajasi yuqori bo`lgan aholi yashaydi.