Bekobod shahri IIB binosida fuqaroni kaltaklab, uning o`limiga sabab bo`lgan IIB xodimiga sud hukmi o`qildi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1991 yilda tug`ilgan Firdavs Muradullaev 2022 yil yanvar oyidan 2024 yil 1 iyulga qadar Toshkent viloyati IIBB uchinchi mintaqaviy hudud Bekobod shahar IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktika bo`linmasi profilaktika inspektori lavozimida ishlab kelgan. U huquqni muhofaza qiluvchi organ mansabdor shaxsi bo`la turib, mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan.
2024 yil 19 iyun kuni soat 17:30 larda profilaktika inspektorlari tomonidan IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko`rsatgani sababli aka-uka Dilmurod va Dilshod Yusupvalievlar JIB Bekobod shahar sudi binosidan Bekobod shahar IIB ma`muriy binosiga kuch ishlatib olib kelingan. Firdavs Muradullaev Yusupvalievlarni so`rovxonaga olib kirmasdan, Dilmurod Yusupvalievning qo`llarini orqaga qayirgan holda qaddini bukkan hamda qorin qismiga tizzasi bilan zarba bergan. So`ngra Dilmurod Yusupvalievni erga yiqitib, uning yuz va qorin qismlariga zarba berib, og`ir tan jarohati etkazgan.
Shundan so`ng Dilmurod va Dilshod Yusupvalievlarni vaqtincha ushlab turish uchun o`z vakolat doirasida shaxsan o`zi yoxud boshqa mansabdor shaxsning ushlab turish uchun asos hisoblanuvchi qarori qabul qilinmaganini bila turib, IIB binosi ichidagi VUTXga kiritishga erishgan. Oqibatda Dilmurod Yusupvaliev voqea joyida vafot etgan.
Firdavs Muradullaev o`zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, VUTX ichida Dilshod Yusupvalievning chap quloq sohasiga urgan. Shuningdek, Dilshod Yusupvaliev VUTXdan ma`muriy bino koridoriga chiqib, profilaktika inspektori M.Imamqulov bilan suhbatlashib turgan vaqtida ham chap yuzi va quloq qismiga ikki marotaba zarba bergan holda unga engil tan jarohati etkazgan.
Sudda Firdavs Muradullaev aybiga iqrorlik bildirmagan. U dastlabki tergov organi tomonidan noto`g`ri ayblov e`lon qilinganini, Dilmurod Yusupvalievni tepmaganini, kamerada tepganga o`xshab ko`rinib qolganini, Dilshod Yusupvalievni tartibga chaqirish uchun urib yuborganini aytib, jabrlanuvchilarning oilasidan kechirim so`ragan hamda moddiy va ma`naviy zararlarni to`lashga tayyorligini bildirgan.
Firdavs Muradullaevning aybi guvohlarning ko`rsatmalari va boshqa dalillar bilan o`z tasdig`ini topgan.
Sud hukmi bilan Firdavs Muradullaev Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`lishi), 109-moddasi 1-qismi (qasddan badanga engil shikast etkazish) va 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga IIB tizimida, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog`liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o`tash belgilangan.