2024 yil yakunlariga ko`ra, O`zbekistonga jalb qilingan investisiyalar hajmi o`tgan yilga nisbatan 49 foizga kamaydi va 4 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqda BMT huzuridagi Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan e`lon qilingan hisobotda ma`lumot keltirildi.
Qayd qilinishicha, 2024 yilda Qozog`iston Shimoliy va Markaziy Osiyoda investisiya jalb etish bo`yicha etakchiga aylandi — mamlakat yangi loyihalarga 15,7 milliard dollar jalb qildi. Bu esa investisiyalar hajmi o`tgan yilga nisbatan 88 foizga oshganini anglatadi. Umuman olganda, mintaqaga jalb qilingan barcha investisiyalar hajmining 63 foizi Qozog`iston hissasiga to`g`ri keladi.
Ro`yxatning keyingi o`rinlarida quyidagi davlatlar joy olgan:
O`zbekiston — 4 milliard dollar (-49%);
Qirg`iziston – 2,1 mlrd dollar (+310%);
Ozarboyjon — 1,2 milliard dollar (+1%);
Turkmaniston — 339 million dollar;
Gurjiston - 126 million dollar;
Armaniston – 67 million dollar.
Ta`kidlanishicha, xalqaro kompaniyalar mintaqada, ayniqsa, raqamlashtirish, texnologik innovasiyalar va yashil energiya sohasidagi loyihalarga qiziqish bildirmoqda.
«Shu nuqtai nazardan, investisiya agentliklari va tegishli vazirliklarning faol faoliyati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yangi yo`nalishlarning muvaffaqiyati nafaqat qulay siyosat yaratishga, balki barcha bosqichlarda investorlarni qo`llab-quvvatlashga, jumladan, investisiyadan keyingi qo`llab-quvvatlashga ham bog`liq», deyiladi hisobotda.