Raqobat qo`mitasi so`nggi vaqtlarda ko`p kvartirali uylar qurilishi yuzasidan murojaatlar ko`payganini ma`lum qildi. Qayd etilishicha, 2024 yilning o`tgan davrida 1700 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ko`rilgan choralar natijasida 20 milliard so`mga yaqin mablag`lar iste`molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Ushbu holatlar yuzasidan respublikadagi 129 ta quruvchi korxonalarning shartnomalari tahlil qilinganda quyidagilar aniqlandi:
80 foiz shartnomada quruvchi korxonalarga qayta hisob-kitob huquq ustuvorligi berilgan bo`lsa, atigi 20 foizda har ikkala taraflarga mazkur huquqlar belgilangan;
58 foiz shartnomada ko`rsatilgan umumiy maydon qurilishi yakuni bo`yicha maydonlar orasida tafovut mavjud bo`lganda qayta hisob-kitob huquqi belgilanmagan;
37 foiz shartnomalarda xonadon ichida amalga oshiriladigan qurilish ishlari to`g`risida majburiyatlar kiritilmagan;
18 foiz shartnomalarda quruvchi va iste`molchining huquq va majburiyatlari to`g`risida bandlar kiritilmagan;
39 foiz shartnomalarda qurilish ob`ektining topshirish muddati ko`rsatilmagan;
51 foiz shartnomalarda qurilish topshirilishining har bir kechikkan kuni uchun quruvchi tomonidan to`lanadigan penya belgilanmagan;
86 foiz shartnomalarda quruvchi va iste`molchi tomonidan shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqi belgilangan, (shundan, 41 foizida shartnomani har ikkala tomonning manfaatlari ko`zlangan bo`lsa, 59 foizida faqatgina quruvchi korxonaning manfaatlari ko`zda tutilgan) 14 foizida esa shartnomani bekor qilish to`g`risida band kiritilmagan;
shuningdek, shartnoma tuzilgandan so`ng, dastlabki to`lov muddati 30 kundan oshmasligi qayd etilgan bo`lsa, 74 foiz holatda shartnoma bir tomonlama bekor bo`lganda xaridorga to`lovni qaytarish muddati 30—180 kun va ayrimlarida esa 24 oydan 36 oygacha etib belgilangan;
84 foiz shartnomalarda xonadonni xaridor tomonidan qabul qilib olingandan so`ng, quruvchi tomonidan unga kafolat muddati belgilanmagan;
kafolat muddati davomida xonadonda nuqsonlar aniqlansa, quruvchi tomonidan bartaraf etish majburiyati 82 foiz holatda belgilanmagan.
Prezidentning PQ-4732-son qaroriga muvofiq, ko`p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarning mablag`larini jalb qilish faqat yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan hamda ulush kiritish asosida qurish uchun mablag`larni jalb etuvchi quruvchilarning elektron ro`yxatiga kiritilgan quruvchilar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.
Bunda, elektron ro`yxatga kiritish uchun quruvchilar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
ko`p kvartirali uylarni qurish uchun belgilangan tartibda ajratilgan er uchastkasi va qurilish ishlarini amalga oshirishga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar mavjudligi;
loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi mavjudligi;
texnik va mualliflik nazorati hamda davlat nazoratini amalga oshirish bo`yicha tegishli shartnomalar tuzilganligi va boshqa talablar mavjudligi.
Uy-joy sotib oluvchilar uchun tavsiya
Raqobat qo`mitasi uy-joy sotib oluvchilarga quyidagilarga tavsiyalarni berdi:
shartnoma shartlari bilan batafsil tanishib chiqing;
asosiy jihatlar (qurilish muddatlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari, ularning o`zaro mutanosibligi, qurilish va foydalanishga topshirish muddatlari, muddatlar yuzasidan javobgarlik nazarda tutilganligini tekshiring);
kompaniyaning ish tajribasi va quruvchining ishonchliligiga ishonch hosil qiling (elektron ro`yxat va “Shaffof qurilish” tizimida mavjudligini ochiq manbalardan tekshirish mumkin);
to`lovlarni faqat bank kassalari orqali amalga oshiring.