“EastFruit” tahlilchilarining ma`lumotlariga ko`ra, Turkmaniston ko`proq va O`zbekiston kamroq darajada issiqxona sabzavotlarini sotishda katta muammolarga duch kelmoqda. Hozirda eng katta muammo issiqxona pomidorlarini sotish bilan bog`liq bo`lib, asosiy sabab — rossiyalik xaridorlarning to`lov qobiliyatining pasayishi hisoblanadi.
Bugungi kunda Turkmaniston issiqxonachilari o`z mahsulotlarini hatto 1 kg uchun $1 narxda ham sotishda katta muammolar haqida xabar berishmoqda. Real narxlar allaqachon ushbu psixologik chegaradan past. Ular Rossiya bozorida o`z mahsulotlariga bo`lgan talabning keskin pasayib ketganidan shikoyat qilishmoqda, bu esa narxlarga doimiy bosim o`tkazmoqda.
O`zbekistonda ham pomidor unchalik qimmat emas. Narxlar o`tgan yilga nisbatan o`rtacha 32%ga past. Bundan tashqari, O`zbekistonda issiqxona pomidorining ulgurji narxi AQSh dollarida taqqoslansa, so`nggi besh yil ichida eng past narxlardan biri hisoblanadi. Xususan, ayni paytda qizil dumaloq issiqxona pomidorini O`zbekistonda mayda ulgurji tarzda har bir kilo uchun $1,17dan sotib olish mumkin.
O`zbekiston hozircha o`z bozorida sotiladiganidan yuqori sifatli mahsulotlarni eksport qilishni afzal ko`rgani sababli, eksport narxi ichki narxdan yuqori bo`lishi mumkin. O`zbekistonlik eksportchilarning ta`kidlashicha, rublning qadrsizlanishi va Rossiya moliya bozoridagi umumiy beqarorlik ushbu mamlakatga issiqxona mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarining yomonlashishiga olib kelmoqda.